Faol va izlanuvchan ayollar tanlovi
M.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining Toshkentdagi filialida “Ilm yulduzlari” intellektual ko‘rik-tanlovining mamlakat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
M.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining Toshkentdagi filialida “Ilm yulduzlari” intellektual ko‘rik-tanlovining mamlakat bosqichi bo‘lib o‘tdi.O‘zbekiston xotin-qizlarining "Olima" uyushmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan tanlovda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, oliy o‘quv yurtlari va ilmiy-tadqiqot institutlarida faoliyat olib borayotgan xotin-qizlar, talabalar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
“Olima” uyushmasi raisi R.Murtazoyeva, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi S.Rashidova va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida xotin-qizlarning jamiyatdagi mavqeini yuksaltirish, ularning ijtimoiy-siyosiy jarayonlarda faol ishtirokini ta’minlash, ilm-fan, madaniyat, sport va boshqa sohalardagi faoliyatini rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
“Ilm yulduzlari” intellektual ko‘rik-tanlovidan ko‘zlangan maqsad ilm-fanning tabiiy, ijtimoiy-gumanitar sohalarida izlanayotgan tadqiqotchi xotin-qizlar faoliyati bilan jamoatchilikni yaqindan tanishtirish, ularni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishdan iborat. Tanlovda fan doktori ilmiy darajasiga da’vogar, izlanuvchan, o‘z salohiyatini oliy ta’lim dargohlari, tadqiqot institutlari, innovatsion markazlarda namoyon etayotgan olimalar ishtirok etdi.
– Bugungi kunda uyushmaga besh yuz fan doktori, to‘rt mingga yaqin fan nomzodi a’zo bo‘lib, ularning safi tobora kengaymoqda, – deydi O‘zbekiston xotin-qizlarining "Olima" uyushmasi raisi o‘rinbosari Zamira Eshonxo‘jaeva. – Bu kabi tanlovlar ilm-fan sohasida izlanayotgan xotin-qizlarni, yosh olimalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Tanlov natijalariga ko‘ra, Termiz davlat universiteti o‘qituvchisi Nodira Hayitboyeva birinchi, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti dotsenti Nozima Murodova ikkinchi, Toshkent axborot texnologiyalari universitetining ilmiy xodim-izlanuvchisi Dildora Muhammadiyeva uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.