Faol tadbirkorlarga yuksak mukofotlar topshirildi
Tadbirkorlik — iqtisodiy taraqqiyotni harakatga keltiruvchi muhim kuch. Yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi daromadlarini oshirish, ichki bozorni sifatli mahsulotlar bilan ta’minlash, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish ko‘lamini kengaytirishda tashabbuskor ishbilarmonlarning o‘rni beqiyos. Shu bois mamlakatimizda o‘z g‘oyasi, izlanishi va mehnati bilan iqtisodiyot rivojiga munosib hissa qo‘shayotgan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Sirdaryo viloyati hokimligida Tadbirkorlar kuni munosabati bilan soha vakillarini sharaflashga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmon va farmoyishlariga muvofiq, bir guruh sirdaryolik tadbirkorlarga davlat mukofotlari hamda “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni tantanali ravishda topshirildi.
Prezidentning tegishli farmoni bilan Guliston shahridagi “Ideal study” NTM rahbari Shoislom Baratov “Sog‘lom turmush” medali, “Dantes construction” MCHJ ta’sischisi Dantes Ustadjalilov “Shuhrat” medali bilan mukofotlandi.
Shuningdek, o‘z sohasida samarali faoliyat yuritib, yangi tashabbuslarni ilgari surayotgan, ishlab chiqarish salohiyatini oshirish, aholi bandligini ta’minlash va hudud iqtisodiy taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shayotgan bir guruh sirdaryolik ishbilarmonlar “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoniga munosib ko‘rildi.
Tadbirda viloyat hokimi Erkinjon Turdimov ishtirok etib, mukofot sohiblarini Tadbirkorlar kuni hamda yuksak davlat e’tirofi bilan samimiy muborakbod etdi. Viloyat rahbari tadbirkorlarning yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanib, yangi loyihalarni amalga oshirayotgani, ish o‘rinlari tashkil etayotgani va hudud iqtisodiy salohiyatini yuksaltirishga qo‘shayotgan hissasini alohida ta’kidladi.
Bugun Sirdaryoda tadbirkorlikning turli yo‘nalishlarida faoliyat yuritayotgan ishbilarmonlar nafaqat o‘z biznesini rivojlantirmoqda, balki ko‘plab insonlar uchun barqaror daromad manbaini yaratmoqda. Ayniqsa, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, xizmatlar sifatini oshirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va xotin-qizlar bandligini ta’minlash borasidagi tashabbuslar muhim ahamiyat kasb etmoqda.
[gallery-30954]
“Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanganlar safida Guliston shahridagi “Bosimov Rustam Raxmatulloyevich” MCHJ ta’sischisi Rustam Bosimov, Boyovut tumanidagi “Abdumavlon Daniyarov” fermer xo‘jaligi boshlig‘i Abdushoxid Daniyorov, Guliston shahridagi “Istiqlol kommunal xizmat ta’mir” BSK rahbari Zamira Zulpixarova, Guliston tumanidagi “Aleyna textile” MCHJ rahbari Gulchehra Nodirova, Guliston shahridagi “MMX PRO” MCHJ rahbari Qobiljon To‘rayev hamda Yangiyer shahridagi “Eco wood plyus” MCHJ ta’sischisi Otabek Hayitmetov bor.
Ular orasida Guliston tumanidagi “Aleyna textile” MCHJ rahbari Gulchehra Nodirovaning tadbirkorlik faoliyati alohida e’tiborga loyiq. Korxonada trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, faoliyatning izchil kengayishi natijasida yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda. Ayni paytda mahsulotlar Toshkent shahridagi hamkor tashkilotlarga yetkazib berilmoqda.
— Rostini aytsam, bu mukofotni kutmagandim. Yuksak e’tirofdan juda xursand bo‘ldim. Biroq har qanday mukofot inson zimmasiga katta mas’uliyat ham yuklaydi. Bu e’tirof meni yanada ko‘proq izlanish, ishlab chiqarish hajmini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va faoliyatimizni yanada kengaytirishga undaydi. Endi oldimizda yanada katta maqsadlar turibdi, — deydi “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni sohibi Gulchehra Nodirova.
Darhaqiqat, yuksak davlat mukofoti — erishilgan natijalarga berilgan munosib baho bo‘lish bilan birga, yangi maqsadlar sari undaydigan katta rag‘bat va mas’uliyat hamdir. Bunday e’tirof tadbirkorlarni yangi loyihalarni amalga oshirish, ishlab chiqarishni kengaytirish, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish va hudud iqtisodiy salohiyatini yanada yuksaltirishga ruhlantiradi.
Eng muhimi, bugungi e’tirof sohiblari erishilgan yutuqlar bilan cheklanib qolmay, o‘z faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish, yangi tashabbuslarni hayotga tatbiq etish va el-yurt farovonligiga munosib hissa qo‘shish yo‘lida yanada faol harakat qiladi.
G‘ulom Primov,
Umid Obidjonov (surat) O‘zA