Ertaga xalqaro veterinariya kuni
Shu munosabat bilan Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Bahrom Norqobilovning sohaga doir fikrlari bilan qiziqdik.
Shubhasiz, tarmoqda amalga oshirilayotgan ishlar va ularning tahlili e’tiborni tortadi.
– Ma’lumki, 2000 yilda Xalqaro veterinariya assotsiatsiyasi va Xalqaro hayvonlar sog‘lig‘ini saqlash tashkilotining tashabbusi bilan har yili aprel oyining oxirgi shanbasi “Xalqaro veterinariya kuni” deb belgilanishi haqida qaror qabul qilingan edi.
Har yili ushbu kun juda ko‘p davlatlarda bayram sifatida nishonlanadi. Jumladan, mamlakatimizda ham!
Veterinariya sohasi hayvonlar sog‘lig‘ini saqlash bilan birga aholini inson va hayvonlar uchun umumiy bo‘lgan kasalliklardan muhofaza qilishda muhim ahamiyatga ega. Butunjahon veterinarlari tomonidan hayvonlar sog‘lig‘ini saqlash borasida olib borilayotgan ishlarning pirovardida inson salomatligi diqqat e’tiborda bo‘lmoqda.
Oziq-ovqat mahsulotlarining aholiga yetkazib berilishida xo‘jalikdan dasturxongacha bo‘lgan davrda veterinar asosiy o‘rinni egallaydi. Va bu jarayonni soha fidoyilarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi.
Sir emas, bugungi kunda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi mamlakatimizda veterinariya, chorvachilik va naslchilik sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi davlat organi sifatida faoliyat olib bormoqda. So‘nggi yillarda chorva mollarining o‘ta xavfli yuqumli kasalliklarga emlash darajasi yuz foizga yetdi. Kasallik kelib chiqishining keskin kamayishiga va respublika hududida hayvonlarning o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar bo‘yicha epizootik barqarorligi ta’minlanishiga erishildi.
Shuningdek, qo‘mita Butunjahon hayvonlar sog‘ligini himoya qilish tashkiloti, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan muntazam hamkorlik o‘rnatdi.
Joylardagi profilaktik tadbirlar samaradorligini oshirish va davlat veterinariya xizmati moddiy texnika bazasini mustahkamlash maqsadida hududiy veterinariya bo‘limlari va uchastkalari mototsikl, skuter, velosiped va boshqa maxsus avtotransport vositalari bilan ta’minlandi.
Bularning barchasi davlatimiz rahbarining boshqa sohalar qatori veterinariya va chorvachilik sohasiga katta e’tibor berayotganligidan dalolatdir.
Shunday ekan, biz yanada faol, fidoyi bo‘lishimiz, mamlakatimizda veterinar osoyishtalikni ta’minlash, chorvachilikning barcha tarmoqlarini rivojlantirish, hayvonlar naslini yaxshilash va bu orqali xalqimiz iste’moli uchun yetishtirilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarining xavfsizligini ta’minlash yo‘lida bor bilim va tajribamizni safarbar etishimiz zarur!
O‘zA