Eron AQSHning yirik kompaniyalariga zarba berishi mumkin
Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIMK) AQSHning yirik texnologiya va sanoat kompaniyalariga qarshi ehtimoliy harbiy amaliyot boshlanishi haqida keskin bayonot berdi. Ta’kidlanishicha, 1-aprel kuni Tehron vaqti bilan soat 20:00 dan boshlab 18 kompaniyaga tegishli inshootlar nishonga olinishi mumkin.
Islom Respublikasi tomonidan e’lon qilingan ro‘yxatga IT va raqamli texnologiya sohasida faoliyat yuritadigan “Apple”, “Google”, “Microsoft” va “Meta” kabi gigantlar, shuningdek sanoat va yuqori texnologiya yo‘nalishidagi “Nvidia”, “Intel”, “Boeing” hamda “Tesla” kompaniyalari kiritilgan. Bundan tashqari moliya sektoridagi yirik tuzilmalar ham ehtimoliy mo‘ljal sifatida tilga olingan.
Mazkur keskin bayonot Tehron tomonidan ilgari surilgan “raqamli terror” ayblovi bilan izohlangan. IIMK mas’ullari ushbu kompaniyalar sun’iy intellekt va zamonaviy axborot texnologiyasi yordamida Eronning harbiy tizimi va begunoh aholisiga qarshi qaratilgan amaliyotni muvofiqlashtirishda ishtirok etganini da’vo qilyapti. Xususan, 31-mart kuni Zanjon shahridagi diniy majmuaga uyushtirilgan hujum hamda yuqori martabali harbiy maslahatchi Jamshid Ishoqiyning halok bo‘lishi misol qilib keltirilgan.
Eron tomoni vaziyat jiddiyligini inobatga olib, tilga olingan kompaniyalar xodimlariga xavfsizlik nuqtai nazaridan idorani tark etishni tavsiya qilgan. Ayni payt Prezident Donald Tramp vaziyat yanada keskinlashib, keng ko‘lamli to‘qnashuvga aylanib ketmasligi uchun diplomatik yo‘l izlash tarafdori ekanligini bildirgani haqida xabarlar tarqalgan.
Hozircha ushbu xabar xalqaro rasmiy manbalar tomonidan to‘liq tasdiqlangani yo‘q.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA