Eng yaxshi 50 ta taklifga mukofot beriladi: «Byurokratiyasiz O‘zbekiston» jamoatchilik tashabbusi e’lon qilindi
Davlat xizmatlari sohasida so‘nggi yillarda jiddiy o‘zgarishlar amalga oshirildi: ko‘rsatilgan xizmatlar soni 61 milliondan oshdi, ularning 80 foizi elektron shaklga o‘tkazildi. Biroq ortiqcha tartib-taomillar, qog‘ozbozlik va takrorlanuvchi talablar hali ham saqlanib qolmoqda.
Bugungi kunda respublika davlat organlarida 5 ming 650 ta funksiya, tadbirkorlik faoliyatini tartibga soluvchi 42 mingdan ortiq majburiy talab hamda 1 ming 41 ta davlat xizmati mavjud. 2026-yil 21-sentabr kuni OAV uchun kontent tayyorlash markazida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilinishicha, ana shu tizimli to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan «Byurokratiyani bartaraf etish — 2030» dasturi va uning doirasidagi «Byurokratiyasiz O‘zbekiston» jamoatchilik tashabbusi amalga oshiriladi.
Asosiy mezon — xalqni rozi qilish
Boshqaruv konsepsiyasining markazida «fuqaro davlatga emas, davlat fuqaroga xizmat qilishi kerak» degan qat’iy tamoyil turibdi. Shu paytgacha ko‘rsatkichlar ko‘p hollarda idoralarning ichki qog‘oz hisobotlari bilan o‘lchangan bo‘lsa, endilikda asosiy e’tibor fuqaroning tejalgan vaqtiga, tadbirkorning kamaygan moliyaviy xarajatlariga hamda aholining real qoniqish darajasiga qaratiladi.
Islohotlar natijasida 2030-yilgacha elektron davlat xizmatlari ulushini 80 foizdan 95 foizga yetkazish, davlat organlarining takrorlanuvchi funksiyalarini 30 foizga qisqartirish, biznesga qo‘yiladigan ma’muriy talablarni esa 20 foizgacha maqbullashtirish belgilangan. Hozirda an’anaviy qog‘oz shaklida qolayotgan 227 ta xizmat to‘liq raqamli formatga o‘tkaziladi.

Shu bilan birga, fuqaro bir masalani hal etish uchun 3–4 ta idoraga alohida murojaat qilish amaliyotidan voz kechilib, ma’lumotlarni davlat organlarining o‘zi o‘zaro almashadigan kompozit xizmatlar ekotizimi yaratiladi. Bugungi kunda bu borda qilingan amaliy ishlar o‘z so‘zini aytmoqda. Masalan, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan talabalar uchun to‘lov-kontrakt shartnomasini olish jarayoni soddalashtirildi. Endi talabalar OTMga bormasdan, kontrakt.edu.uz sayti yoki «KONTRAKT EDU» mobil ilovasi orqali onlayn ariza berib, QR-kodli elektron shartnomani olishlari mumkin. Ushbu o‘zgarish 1,4 milliondan ortiq kontrakt asosida tahsil olayotgan talabalarga ta’sir qiladi.
Shuningdek, yotoqxonaga joylashish va yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish jarayonlari yagona kompozit xizmatga birlashtirildi. Bu orqali har yili kamida 150 mingdan ortiq talaba uchun ortiqcha murojaat va hujjatbozlik bartaraf etilmoqda.
Byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tomonidan yoshga doir pensiyani proaktiv tayinlash mexanizmi joriy etildi. Bunda fuqarodan alohida ariza va hujjat talab qilinmaydi. 2026-yil I choragida 31 463 nafar fuqaroga pensiya proaktiv tarzda tayinlangan.

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan ishsiz va ish qidirayotgan fuqarolarga vaucher ajratish xizmati mahalla darajasiga tushirilib, raqamlashtirildi. Endi fuqaro tuman bandlik bo‘limiga borish o‘rniga mahalladagi hokim yordamchisi orqali murojaat qilishi mumkin. 2026-yilda 120 ming nafar, 2030-yilgacha esa 700 ming nafar fuqaroni qamrab olish rejalashtirilgan.
Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tomonidan Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarga ariza topshirish jarayoni 5 bosqichdan 3 bosqichga, hujjatlar soni esa 3 tadan 2 taga qisqartirildi. Fotosuratni alohida yuklash talabi bekor qilinib, ariza topshirish vaqti 15–20 daqiqadan 5–10 daqiqaga tushirildi. 2025/2026 o‘quv yilida xizmatdan 255 mingdan ortiq fuqaro foydalangan.
«Byurokratiyani bartaraf etish» milliy reytingi e’lon qilinadi
Joriy yil yakuni bo‘yicha 72 ta davlat organi faoliyatiga ochiq baho beruvchi «Byurokratiyani bartaraf etish» milliy reytingi e’lon qilinadi. Ushbu reyting qaysi idora amalda ortiqcha qog‘ozbozlikdan voz kechayotgani va qaysi biri jarayonlarni murakkablashtirayotganini jamoatchilikka ko‘rsatib beradi.
«Byurokratiyasiz O‘zbekiston» tashabbusi uchun taklif bering va pul mukofotlarini qo‘lga kiriting
2026-yil 21-sentabrdan 20-noyabrgacha davom etadigan «Byurokratiyasiz O‘zbekiston» tashabbusi boshqaruv organlari bilan aholi o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri hamkorlik ko‘prigini yaratishga qaratilgan.

Fuqarolar va biznes vakillari murojaat.byurokratiyasiz2030.uz elektron platformasi orqali o‘zlari duch kelayotgan byurokratik to‘siqlar, ortiqcha litsenziya talablari yoki takroriy hisobotlar bo‘yicha aniq takliflarini yuborishlari mumkin. Bunda shunchaki e’tiroz bildirish emas, balki «muammo + dalil + amaliy yechim» formulasini taqdim etish so‘raladi.
Barcha takliflar muallif ma’lumotlari yashirilgan holda, mutasaddi vazirliklar, Savdo-sanoat palatasi, Biznes-ombudsman, «Yuksalish» umummilliy harakati va «Taraqqiyot strategiyasi» markazi ekspertlari tomonidan tashkiliy, huquqiy, iqtisodiy va texnologik mezonlar asosida baholanadi.

Saralash natijasida eng samarali deb topilgan 50 ta g‘oya mualliflari pul mukofotlari bilan taqdirlanadi, ilgari surilgan takliflar esa tegishli tashkilotlar tomonidan amaliyotga joriy etiladi hamda natija va real ta’sir monitoring qilinadi.
Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-noyabrdagi F-68-son farmoyishi bilan «Byurokratiyani bartaraf etish — 2030» dasturi tasdiqlangan. Dastur doirasida fuqarolar va tadbirkorlar uchun davlat xizmatlari va boshqaruv jarayonlarini sodda, qulay va tezkor qilish maqsad qilingan. Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi huzurida ushbu yo‘nalish bo‘yicha alohida loyiha ofisi faoliyat yuritmoqda.
Umidjon Qurbonov, O‘zA