Eng baxtli mamlakat nomi ma’lum qilindi
Finlyandiya qatorasiga beshinchi bor dunyoning eng baxtli mamlakati ro‘yxatini boshqarmoqda, deyiladi World Happiness Report e’lon qilgan hisobot ma’ruzasida.
World Happiness Report hisoboti BMTning barqaror rivojlanish muammolarini hal etish yo‘llarini qidirish muassasalari tomonidan tayyorlanib boradi. Unda dunyoning 146 ta mamlakati ishtirok etadi. Reyting tuzilishida umr ko‘rish davomiyligi, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, korrupsiya va boshqa ko‘rsatkichlar aks ettiriladi.
Baxtli mamlakatlar reytingi bo‘yicha hisobot ilk bor 2012 yilda e’lon qilingan.
Eng baxtli mamlakatlar o‘nligiga shuningdek, Daniya, Islandiya, Shveysariya, Niderlandiya, Lyuksemburg, Shvetsiya, Norvegiya, Isroil va Yangi Zelandiya kiritildi. AQSH mazkur ro‘yxatda 16, Buyuk Britaniya 17, Fransiya 20-o‘rinlarda bo‘ldi.
Sobiq ittifoq mamlakatlari orasida eng yaxshi ko‘rsatkichlarni Litva va Estoniya qayd etdi. Aholisi baxtli yashashi borasida ushbu mamlakatlar 34 va 36-o‘ringa munosib ko‘rildi, Qozog‘iston 40, Latviya 42, O‘zbekiston 53, Moldova 62, Qirg‘iziston 64, Belarus 65, Turkmaniston 78, Rossiya 80, Armaniston 82, Tojikiston 83, Ozarbayjon 92, Ukraina 98, Gruziya 105-o‘rinlarni egalladi.
BMT hisob kitobicha, eng baxtsiz mamlakatlar ro‘yxatini Afg‘oniston va Livan boshqarmoqda.