Energiya tejamkor gaz uskunalari o‘rnatilmoqda
Zamonaviy energiya tejamkor gaz yondirgichlari tabiiy gazni taxminan 30-35 foizga iqtisod qiladi. Muhimi, u xavfsiz bo‘lib, bosim pasayishi-ko‘tarilishi oqibatida gaz uzatish tarmoqlarida uzilishlar bo‘lganda avtomatik tarzda o‘chib, gaz o‘tkazishni to‘xtatadi.
Zamonaviy gorelkaning yana bir qulayligi shundaki, isitish qozonidagi suvning issiqligiga qarab olovni past yoki baland qilishi, o‘chirishi yoki olov ayrim sabablarga ko‘ra o‘chib qolsa, gaz klapanini 30 sekund ichida yopadi.
– Ushbu gorelkada suv qaynamaydi, suv haroratining bir me’yorda bo‘lishini ta’minlaydi, favqulodda avariya holati bo‘lib gaz o‘chsa, gazni o‘chiradi, – deydi “Hududgaz Navoiy” gaz ta’minoti filiali mas’ul xodimi Zulfiya Boboyeva. – Eski gorelkalardan foydalanilganda qish mavsumida gaz sarfi 650-700 kub metrni tashkil etsa, yangi avtomatlashtirilgan energo tejamkor gorelkada bu ko‘rsatkich 300 kub metr atrofida bo‘ladi. Bu aholiga har oyda 300-350 kub metr gazni tejash imkonini beradi. Hozir viloyatda gaz ta’minoti filiali va uning shahar, tuman gaz idoralari xodimlari tomonidan energiya tejamkor gaz uskunalarini o‘rnatish yuzasidan doimiy targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.
Navbahor tumanining Paxtakor mahallasi aholisi ham tabiiy gazdan foydalanib keladi. Joriy yilning birinchi choragi mobaynida bu yerdagi aholi xonadonlarida jami 233 ta zamonaviy energiya tejamkor gaz yondirgichi o‘rnatilgan bo‘lsa, ulgurji iste’molchilar o‘rtasidagi bu ko‘rsatkich 18 tani tashkil etadi.
– Isitish qozonxonamizga zamonaviy gaz yondirgich o‘rnatgandik, – deydi mahallada yashovchi iste’molchilardan biri Jasur Murodov. – Gaz sarfi 30-40 foizgacha kamaygani hisobiga tabiiy gaz uchun to‘lovimiz ham sezilarli kamaydi. Qo‘shnilarimga ham energiya tejamkor gaz uskunalarini o‘rnatishni tavsiya qilyapman.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning birinchi choragi davomida viloyat bo‘yicha aholi xonadonlariga 1735 dona zamonaviy energiya tejamkor gaz uskunasi o‘rnatildi.
A.Bo‘riyev,
O‘zA muxbiri