Endi Samarqand osmonida vertolyotda sayohat qilish mumkin
Bugun, 13-maydan boshlab, Samarqandga kelgan sayyohlarga “Silk Road Samarkand” xalqaro turizm markazi va Zarafshon milliy tabiat bog‘i ustida vertolyotda sayohat qilish imkoniyati yaratildi.
Samarqand viloyati turizm boshqarmasi hamda mahalliy tadbirkor tomonidan yo‘lga qo‘yilgan mazkur xizmat qadimiy shaharda sayyohlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilishi ta’kidlanmoqda.


Vertolyotda bir vaqtning o‘zida besh kishi minib 15 daqiqa davomida Samarqand osmonida sayr qilishi mumkin. Bu qisqa sayohat chiptasi bir kishi uchun 1 million 600 ming so‘mni tashkil etadi.

Vertolyot uchib, qo‘nishi uchun “Silk Road Samarkand” xalqaro turizm markazida maxsus joy tayyorlandi.
Shuningdek, ayni paytda markaz hududida dor yo‘li qurilishi ham yakuniga yetkazilmoqda.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari