Endi navbat Liga kubogiga
Unda Superliga va Pro A ligasining jami 16ta klubi ishtirok etadi
Joriy yildan boshlab O‘zbekiston Professional futbol ligasi litsenziyalash talablariga javob beruvchi klublar o‘rtasida O‘zbekiston Liga kubogi musobaqasini tashkil etmoqda. Musobaqalar yillik taqvimida mazkur musobaqa o‘yinlari uchun alohida kunlar belgilangan.
Liga kubogida Superliganing 14ta, shuningdek, A Pro-liganing “Mash’al” hamda “Sho‘rtan” klublari ishtirok etadi. 2020 yildan boshlab O‘zbekiston kubogi musobaqasida ishtirokchilar soni aynan litsenziyalash talablaridan kelib chiqib belgilanadi, Liga kubogida esa O‘zPFL tasarrufidagi musobaqalarda ishtirok etayotgan barcha klublar o‘ynash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Zero, O‘zbekiston kubogida g‘olib chiqqan jamoada Osiyo Chempionlar ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritish imkoniyati mavjud. Shunday ekan, litsenziyalash talablariga javob bera olmaydigan klublarning mazkur musobaqada ishtirok etishiga kelasi mavsumdan boshlab yo‘l qo‘yilmaydi.
Liga kubogining 16 jamoasi 4ta guruhga ajratildi. Jamoalar guruh bosqichida uchtadan uchrashuvda ishtirok etadi.
Har bir guruhda dastlabki ikki o‘rinni egallagan jamoalar chorak finalga yo‘l oladi. Keyin yarim final va final o‘yini o‘tkaziladi. E’tiborlisi, qur’aga ko‘ra bugungi kunda mamlakatimizning eng kuchli klublaridan sanalgan “Paxtakor” hamda “Lokomotiv” bir guruhdan joy oldi.
Demak, qur’a natijalari:
“A” guruhi – “Sho‘rtan”, “So‘g‘diyona”, “Dinamo”, “Surxon”
“B” guruhi – “Paxtakor”, “Qo‘qon-1912”, “Lokomotiv”, “Buxoro”
“C” guruhi – “Metallurg”, “Bunyodkor”, “Qizilqum”, AGMK
“D” guruhi – “Mash’al”, “Andijon”, “Nasaf”, “Navbahor”.
Liga kubogi guruh bosqichining 1-tur uchrashuvlari 31 may – 1 iyun sanalariga belgilangan.