Endi mahalla xodimlariga ustama mablag‘lari to‘lanadi
Navoiy shahar adliya bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 18 fevraldagi “Jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, mahalla institutini yanada qo‘llab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida mahalla fuqarolar yig‘inlari xodimlariga ustama pullari to‘lanishi monitoring qilindi.
Farmonga ko‘ra, mahalliy byudjetlarning qo‘shimcha manbalari va Byudjet tashkilotlarining moddiy rag‘batlantirish maxsus jamg‘armasi hisobidan 2020 yil 1 iyuldan boshlab fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarining lavozim maoshiga 30 foiz qo‘shimcha maxsus ustama to‘lash belgilangan.
– Aniqlanishicha, mahalla fuqarolar yig‘inlari xodimlariga o‘tgan davr mobaynida ustama haqlari to‘lab berilmagan, – deydi Navoiy shahar adliya bo‘limi bosh maslahatchisi Jamshid Hamroyev. – Adliya bo‘limi tomonidan Karmana tumanlararo fuqarolik ishlar bo‘yicha sudiga to‘lanmay qolgan 260 million so‘mning undirilishi bo‘yicha ariza kiritilib, mablag‘ni undirish yuzasidan sud qarori chiqarildi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA