Endi bank xodimlari yangi binoda ishlashadi
Jizzax viloyatining Arnasoy tumanida Xalq bankining zamonaviy yangi binosi foydalanishga topshirildi. Bu nafaqat bank infratuzilmasini yangilash, balki aholi va tadbirkorlarga ko‘rsatiladigan moliyaviy xizmatlar sifatini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladigan muhim voqeadir.
Ochilish marosimida Arnasoy tumani hokimi Odil Musanov ishtirok etib, nuroniy otaxonlar bilan birgalikda yangi inshoot ramzi bo‘lgan alvon bog‘ichni kesdi. Tadbirda mazkur binoning tuman iqtisodiy hayoti va aholiga xizmat ko‘rsatish tizimidagi ahamiyati alohida ta’kidlandi.

Shu kunga qadar Xalq banki tuman markazidagi eski binoda faoliyat yuritib kelgan bo‘lsa, endilikda uning jamoasi zamonaviy talablar asosida barpo etilgan, barcha qulayliklarga ega yangi maskanda ish olib boradi. Bu esa mijozlarga xizmat ko‘rsatish tezkorligi va sifatini yanada oshirish imkonini beradi.

G‘oliblar mahallasidagi Alpomish ko‘chasida qad rostlagan mazkur bino keng va shinam xizmat ko‘rsatish zallari, zamonaviy texnik jihozlar hamda mijozlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlari bilan ajralib turadi. Bu yerda aholi pensiya va ijtimoiy to‘lovlar, omonat va kredit xizmatlari, shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlari uchun moliyaviy operatsiyalardan qulay foydalanishi mumkin.


Arnasoydagi yangi bank binosi ham ana shu ezgu maqsadlarning amaliy ifodasi bo‘lib, tuman infratuzilmasini rivojlantirish, aholiga ko‘rsatilayotgan moliyaviy xizmatlar qamrovi va sifatini oshirish, tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash yo‘lidagi navbatdagi muhim qadam sifatida e’tirof etilmoqda.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri