Elektr va gaz tarmoqlaridagi muammolarni manzilli hal etish choralari belgilandi
Davlatimiz rahbari raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida energetika vaziri Sherzod Xo‘jayev va Bosh prokuror o‘rinbosari Salom Samadov raisligida tanqidiy yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda Yangiyo‘l tumani misolida “Tumanbay” va “Mahallabay” ishlash tizimini joriy etish, joylarda elektr va gaz ta’minotidagi muammolarni tizimli bartaraf etish hamda sohada nazorat va ijro intizomini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.
Tadbirda respublika bo‘ylab elektr va gaz ta’minotini yaxshilash maqsadida tashkil etilgan 15 ta maxsus shtab rahbarlari hamda soha tashkilotlarining mas’ul xodimlari ishtirok etdi. Muhokamalar davomida namunaviy tumanlarda elektr va gaz tarmoqlarining texnik holatini chuqur o‘rganish, mavjud muammolarni malakali muhandislar va nazorat organlari ishtirokida har tomonlama tahlil qilish hamda aniqlangan kamchiliklarni qisqa muddatlarda bartaraf etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.

Shuningdek, xizmat vazifalarini lozim darajada bajarmagan mas’ullarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rish, elektr energiyasi va tabiiy gaz yo‘qotishlarini kamaytirish, energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlariga murosasiz munosabatda bo‘lish hamda qonunbuzarliklarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda qat’iy choralar qo‘llash yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
Vazirlik axborot xizmati qayd etgandek, mazkur yondashuv asosida joylardagi muammolarni o‘z vaqtida aniqlash va tezkor bartaraf etish, shuningdek, elektr va gaz ta’minoti barqarorligini ta’minlash hamda tizim samaradorligini yanada oshirish ko‘zda tutilgan.
N.Ziyodullayeva, O‘zA