Ekoturizm – tabiatni asrash demak
Aprel oyida Toshkent viloyatida “Yoshlar va turizm” viktorinasi doirasida maxsus aksiya tashkil etildi. O‘quvchi-yoshlar yurtimizdagi tarixiy qadamjolar, tabiiy boyliklar, sayyohlik va uning iqtisodiy taraqqiyotdagi ahamiyati mavzularida qiziqarli ma’ruzalar qildi.
Aprel oyida Toshkent viloyatida “Yoshlar va turizm” viktorinasi doirasida maxsus aksiya tashkil etildi. O‘quvchi-yoshlar yurtimizdagi tarixiy qadamjolar, tabiiy boyliklar, sayyohlik va uning iqtisodiy taraqqiyotdagi ahamiyati mavzularida qiziqarli ma’ruzalar qildi.– Zamonaviy turizm va turistik xizmatlarning tobora taraqqiy etishi tufayli so‘nggi yillarda ekoturizm, agroturizm, ekstremal sharoitlar turizmi kabi noan’anaviy yo‘nalishlarga alohida e’tibor kuchaydi.Jannatmonand yurtimiz sayyohlikning barcha yo‘nalishlari, xususan, ekoturizm isitiqboli uchun ham ulkan salohiyatga ega, – deydi Bo‘stonliq turizm va servis kasb-hunar kolleji o‘quvchisi Temurbek Rejametov. – Purviqor tog‘lar bag‘rida joylashgan “Zarkent ota” ziyoratgohida tashkil etilgan aksiyada “Toshkent viloyatining ekoturizm imkoniyatlari” mavzusida taqdimot o‘tkazish imkoni berilganidan xursandman.
Prezidentimiz rahnamoligida turizmni izchil rivojlantirishga qaratilgan ko‘plab dastur va loyihalar ishlab chiqilib, hayotga muvaffaqiyatli tatbiq etilmoqda. Davlatimiz rahbarining 1999-yil 30-iyundagi “O‘zbekistonda turizm sohasi uchun malakali kadrlar tayyorlash to‘g‘risida”gi farmoni, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 10-oktabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida turizm sohasini yanada qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.
Mustaqillikning dastlabki yillarida yurtimizda sanoqli mehmonxonalar faoliyat yuritgan bo‘lsa, bugun sayyohlarga xizmat ko‘rsatuvchi turoperatorlar 750 taga yetdi, zamonaviy mehmonxonalar 570 dan oshdi. Bu borada amalga oshirilayotgan izchil ishlar samarasi turizmning boshqa yo‘nalishlarida ham yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.
Toshkent viloyatida madaniy meros obyektlarini konservatsiya va restavratsiya qilish, obodonlashtirish, sayyohlar uchun ommaviy ko‘ngilochar tadbirlar tashkil etish, mehmonxonalarda xizmat ko‘rsatish sifatini yuksaltirish, zamonaviy infratuzilma obyektlari barpo etish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, ekoturizmni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotir. Sayyohlarning tabiat qo‘ynida maroqli hordiq chiqarishi, betakror tabiat go‘zalligidan bahra olishi, nabotot va hayvonot olamining nodir namunalari bilan yaqindan tanishishi uchun qulay sharoitlar yaratilgan.
– Poytaxt viloyati ekoturizmni rivojlantirish uchun katta salohiyatga ega, – deydi “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasining Toshkent viloyati mintaqaviy bo‘limi mutaxassisi J.G‘oziyev. – “Chotqol” davlat biosfera qo‘riqxonasi, Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bog‘i, tog‘li hududlardagi tosh haykallar, Piskent, Oqqo‘rg‘on va Ohangaron tumanlaridagi Shohruhiya, Xonqa arxeologik yodgorliklari, Saurtepa va Shodmalik ota majmualari, Qirqqiz, Sarmozor va Parpi ota qadamjolari kabi davlat muhofazasiga olingan 500 dan ziyod madaniy meros obyektlari ekoturizm istiqboli uchun xizmat qilmoqda.
Mustaqillik yillarida tabiatni mahofaza qilishga bo‘lgan e’tibor mamlakatimizga kelayotgan xorijiy tabiatsevarlar safining kengayishida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bugungi kunda turistlarga sifatli xizmat ko‘rsatish, ularning yurtimiz haqidagi tasavvurlarini boyitish uchun turistik korxonalar rahbarlari, turoperatorlar, mehmonxona xizmatchilari malakasini oshirish bo‘yicha “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasi tomonidan turli o‘quv kurslari, seminarlar o‘tkazib kelinmoqda.
Zamonaviy sayyohlik biznesining muhim sohalaridan biri gid xizmatidir. Binobarin, yurtimiz tarixi, milliy madaniyatimiz, tabiiy boyliklar haqida puxta bilimga ega bo‘lgan yuqori malakali gidlar tayyorlashga qaratilayotgan doimiy e’tibor ekoturizm rivojida ham o‘z samaralarini berayotir.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 20-sentabrdagi “2013-2015-yillarda Toshkent viloyatida turizm sohasini rivojlantirish dasturi to‘g‘risida”gi qarori hududda sayyohlarga xizmat ko‘rsatish turi va sifatini yanada yaxshilashda muhim omil bo‘ldi.
Mazkur hujjat ijrosi doirasida Burchmulla va Chimyon qishloqlaridan o‘tuvchi soy bo‘ylarida chodirli shaharchalar tashkil etilib, milliy qadriyatlarimizga monand jihozlandi. Sayyohlarga hududning o‘ziga xos taomlarini tayyorlash yo‘lga qo‘yildi. Manzilli dasturga muvofiq, Bo‘stonliq tumanidagi Xo‘jakent va Yusufxona qishloqlarida zamonaviy mehmonxonalar qad rostladi. “Oqtosh” sanatoriysi, bir qator tarixiy obida va qadamjolar ta’mirlandi. Chimyon-Chorvoq rekreatsion zonasida yangi loyihalar amalga oshirildi. Bu yerga keluvchi mehmonlarning miriqib dam olishi, sayohat qilishi uchun yanada qulay sharoit yaratildi.
Bo‘stonliq, Parkent va Ohangaron tumanlari hududidagi tog‘, o‘rmon, yaylov, tabiiy suv havzalari, ekin maydonlarini o‘z ichiga olgan Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bog‘i ham sayyohlarni jalb qiladigan tabiiy maskanlardan. Bir qator sanatoriy, pansionat, dam olish va bolalar sog‘lomlashtirish maskanlari, qo‘riqxona, ovchilik, o‘rmon xo‘jaliklari joylashgan mazkur hudud Markaziy Osiyodagi eng yirik milliy bog‘lardan biridir.
– Bog‘ mo‘ta’dil iqlimi, tabiiy va qadimiy yodgorliklari bilan ichki va tashqi sayyohlar diqqatini o‘ziga jalb etadi, – deydi Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bog‘i boshqarmasi bosh direktori X.Suvonov. – Sayyohlar hordiq chiqarish bilan birga, katta-kichik ko‘llar, ajoyib sharsharalar, mintaqamizning boshqa joylarida uchramaydigan petrogliflar va qadimiy tarixiy obidalarga boy ushbu maskanda ikki mingga yaqin o‘simlik, ikki yuzdan ziyod hayvon turini uchratadi.
Dunyo tajribasida ekoturizmni rivojlantirishning qulayligi shundaki, unda turistlarga yuqori darajada xizmat ko‘rsatuvchi mehmonxonalar qurish talab qilinmaydi. Sayyohlikning bu turida an’anaviy hordiq chiqarish va maishiy qulayliklarga ikkinchi darajali masala, deb qaraladi. Bundan tashqari, ekoturizm dasturlarida sayyohlarning ekologik bilimi va madaniyatini oshirish maqsadi ham alohida ko‘zda tutiladi. Tabiatning betakror manzaralarini tomosha qilish uchun chodir tikish va kempinglar qurishda o‘ziga xos talablarga rioya qilinadi. Bunda yuqori malakali mutaxassislar xizmati, dam oluvchilarning xavfsizligini ta’minlash eng muhim masalalardandir. Shu nuqtai nazardan, viloyatning xushmanzara tabiiy maskanlariga olib boruvchi yangi yo‘llar qurish, mavjudlarini ta’mirlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Sohaga qiziquvchi yosh kadrlar safini kengaytirish maqsadida bir necha kasb-hunar kollejida “Turistik xizmatlar”, “Mehmonxona xizmatlari menejeri”, “Oshpazlik” kabi yo‘nalishlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Bugungi kunda turizmning bu yo‘nalishi nafaqat daromad manbai, balki aholi bandligini ta’minlash, tabiat ne’matlarini asrash va muhofaza qilishda eng samarali vositalardan biri sifatida e’tirof etilayotgani bejiz emas.
Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan bunday keng ko‘lamli ishlar mamlakatimizning jahon miqyosidagi obro‘-e’tiborini yanada yuksaltirish, milliy qadriyatlarimizni keng targ‘ib qilish borasidagi izchil islohotlarning amaldagi ifodasidir.
...Temurbek Rejametovning ma’ruzasini yonimda o‘tirgan germaniyalik sayyoh Georg Manga o‘z tilida tushuntirar ekanman, qalbimni allaqanday g‘urur tuyg‘ulari chulg‘ab oldi. Suhbatimiz yakunida olmon sayyohining mavzu yuzasidan bildirgan qisqagina bir fikri unga nisbatan hurmatimni oshirdi.
– Men “Boburnoma” asarining ingliz tilidagi sharhini o‘qiganman, – deydi Georg Man. – Asarda muallif o‘z yurtidan to Hindistonga qadar bo‘lgan bepoyon o‘lkalarning geografik joylashuvi, iqlimi, hayvonot olami, u yerlarda o‘sadigan daraxtlar, o‘t-o‘lan va gullar haqida qimmatli ma’lumotlarni yozib qoldirgani aytiladi. Demak, ona zaminga, tabiatga muhabbat, uni ko‘z qorachig‘idek asrash xalqingizga xos azaliy qadriyatlardan ekan-da?!
– Ha, albatta! – deyman faxr bilan.