Ekologiya va atrof-muhitni muhofazasi doimiy e’tiborda
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda ona tabiatni asrab-avaylash, ekologik barqarorlikni ta’minlashga yuksak e’tibor qaratilmoqda.
– Davlat dasturida belgilangan vazifalar hamda hududimizda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida amaldagi qonun talablari ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tgan yil davomida keng ko‘lamli amaliy chora-tadbirlar olib borildi, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi qo‘mitasi raisi Leyla Seytova. – Xususan, o‘tgan 2025-yil bahor va kuz mavsumida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida jami 18 million donadan ortiq manzarali, buta va mevali daraxt ko‘chati ekildi. “Mening bog‘im” loyihasi doirasida shahar va tumanlar hududida “ochiq byudjet” onlayn platformasi orqali shakllantirilgan 2 milliard so‘mlik mablag‘ hisobidan 23 gektar maydonda “Yashil bog‘” va “Yashil jamoat parklari” yaratilib, bu joylarga 15 ming donadan ortiq manzarali va mevali ko‘chat ekilishi ta’minlandi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi tashabbusi bilan mahalliy byudjetdan ajratilgan 2,1 milliard so‘m mablag‘ hisobidan Nukus-Qo‘ng‘irot yo‘nalishidagi magistral avtomobil yo‘lining 72 km oralig‘ida hamda Nukus-Taxtako‘pir yo‘nalishidagi avtomobil yo‘lining 79 km oralig‘ida ko‘kalamzorlashtirish va manzarali ko‘chatlarni ekish ishlari olib borildi. Shahar va tumanlardagi o‘rmon xo‘jaliklari tomonidan 232 gektar maydonda joylashgan ko‘chatxonalarda jami 21,4 million dona manzarali va buta ko‘chati tayyorlanib, 6 yarim million dona ko‘chat shartnoma asosida muassasalarga yetkazib berildi va ko‘chatlar uchun talab etiladigan 2 milliard so‘m mablag‘ mahalliy byudjet hisobidan qoplandi.

Bundan tashqari, Orol dengizining suvi qurigan maydonlarida “yashil qoplamalar” – himoya o‘rmonzorlarini yaratish maqsadida o‘tgan yil yanvar-mart oylarida jami 71,9 ming gektar maydonga cho‘lga chidamli saksovul va qoraburoq o‘simliklarini urug‘idan va ko‘chatidan ekish ishlari olib borildi.
“Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonun talablarini buzgan 612 nafar fuqaro, shundan 4 nafar mansabdor shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilib, 421,5 million so‘m, “Yer to‘g‘risida”gi Qonun talablarini buzgan 144 nafar fuqaro ma’muriy javobgarlikka tortilib, 584,7 million so‘m, “Chiqindilar to‘g‘risida”gi Qonun talablarini buzgan 1 ming 121 nafar fuqaro, shundan 30 nafar mansabdor shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilib, 576,2 million so‘m, “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi Qonuni talablarini buzgan 33 nafar fuqaro, shundan 1 nafar mansabdor shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilib, 46,6 million so‘m jarima qo‘llanildi.
Tadbir davomida 3 ta hujjat huquqni muhofaza qiluvchi organlarga, 50 ta hujjat sud organlariga kiritilgan. Sud qarori bilan 766,6 million so‘m undirildi va bitta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Shuningdek, atrof-muhitga zararli ta’siri xavfi yuqori bo‘lgan 43 ta korxonada olib borilgan monitoring natijasida 27 ta korxonada chiqindilar miqdori belgilangan me’yordan ortiq bo‘lganligi aniqlanib, shundan 14 ta korxonaga 4,9 milliard so‘mlik kompensatsiya to‘lovi hisoblandi. Jumladan, “Qoraqalpoqsement” mas’uliyati cheklangan jamiyat qo‘shma korxonasiga 4 dona, “Bo‘ston klaster” mas’uliyati cheklangan jamiyatga 9 dona, “To‘rtko‘l agro klaster” mas’uliyati cheklangan jamiyatga 10 dona, “Astera tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyatga 10 dona chang-gazni tutib qoluvchi filtr uskunalari modernizatsiya qilinib, havoga tashlanadigan zararli chiqindilar miqdorini 33 tonnaga kamaytirishga erishildi.
Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi bilan hamkorlikda olib borilgan “Toza havo” tadbirlari davomida ko‘rikdan o‘tkazilgan 26 mingdan ortiq avtotransportdan 37 tasida chiqindilar miqdori me’yordan ortiq bo‘lganligi aniqlanib, harakati vaqtincha to‘xtatildi. Jami 5 ming 872 ta avtotransport metan va propan siqilgan gaz yoqilg‘isiga o‘tkazilishi natijasida atmosferaga chiqariladigan zaharli chiqindilar miqdorini 7,6 tonnaga kamaytirishga erishildi.

Aholining maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarini amalga oshirish maqsadida shahar va tumanlar hududida 12 ta sanitar tozalash korxonalari faoliyat yuritmoqda. Hududlarda chiqindilarni olib chiqish maqsadida belgilangan joylarga 268 ta chiqindi yig‘ish shoxobchasi va 1 ming 498 dona chiqindi konteyneri o‘rnatilgan.
Shahar va tumanlar hududida 18 ta chiqindi poligoni mavjud bo‘lib, 2025-yil davomida jami 375,3 ming tonna maishiy chiqindi joylashtirilib, ulardan 12 foizi, ya’ni, 45,3 tonnasi qayta ishlandi.
Bugungi kunda hududda chiqindilarni qayta ishlovchi jami 21 ta, shundan qog‘ozni qayta ishlovchi 10 ta, shishani qayta ishlovchi 1 ta, plastmassani qayta ishlovchi 9 ta, biologik qayta ishlovchi 1 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, Nukus shahrida 2 ta korxona, Beruniy va To‘rtko‘l tumanlarining har birida 1 tadan chiqindini qayta ishlovchi yangi korxona ishga tushirildi.
Shuni ham alohida ta’kidlash kerakki, shu yil 4-fevralda Xitoy Xalq Respublikasining “Beijing China Sciences Runyu Environmental Technology” kompaniyasi ishtirokida Nukus tumani hududidan loyiha qiymati 80 million AQSH dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya hisobiga yiliga 274 ming tonna bo‘lgan chiqindini qayta ishlash natijasida 80 million kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan zavod qurilishiga tamal toshi qo‘yildi.
Orolbo‘yi hududida joriy yilda ham ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni takomillashtirish borasida amaldagi qonunchilik talablari ijrosini ta’minlash hamda ekologik nazoratni yanada kuchaytirishning barcha zarur choralari ko‘rilmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.