Ekologik barqarorlikni ta’minlashda parlamentning o‘rni muhokama qilindi
Shu kunlarda yurtimiz bo‘ylab Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan turli tadbirlar tashkil etilmoqda. Jumladan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi tomonidan o‘tkazilgan “Mamlakatimizda ekologik barqarorlikni ta’minlashda parlamentning roli” mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiya ham istiqlolimizning 35 yillik shodiyonasiga bag‘ishlandi.
Konferensiyada mamlakatimizda ekologik sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ularning samarali natijalari, shuningdek, sohani yanada rivojlantirishga qaratilgan istiqboldagi vazifalar atroflicha muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda Prezidentimiz rahbarligida mamlakatimizda atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik xavfsizlikni ta’minlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda ekologik huquqlar mustahkamlanib, oxirgi o‘n yilda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida 30 dan ortiq qonunlar, shuningdek, mamlakatimiz tarixida ilk bor Suv kodeksi yangi tahrirda qabul qilindi. Mazkur hujjatlar mamlakatimizda ekologik barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan davlat siyosatining huquqiy va institutsional asoslarini yanada mustahkamladi.

Ushbu huquqiy asoslar ijrosini ta’minlashda parlament nazoratining o‘rni alohida ahamiyatga ega. Jumladan, “Hukumat soati”, parlament va deputatlik so‘rovlari, qo‘mitalar tomonidan qonunlar ijrosini o‘rganish kabi mexanizmlar qabul qilingan qonunlarning amaliyotda samarali ishlashini ta’minlashga xizmat qilmoqda. Bu borada O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi tashabbusi bilan ekologik masalalar yuzasidan hukumat a’zolarining axborotlari eshitilib, parlament nazoratining ta’sirchan shakllari izchil qo‘llanilayotgani qayd etildi.

Shuningdek, ekologik barqarorlikni ta’minlashda davlat organlari va parlamentning ilmiy doiralar, fuqarolik jamiyati institutlari hamda keng jamoatchilik bilan hamkorligini yanada kuchaytirish zarurligi qayd etildi. Ekologik qonunchilikni muntazam takomillashtirib borish va uning ijrosi ustidan samarali parlament nazoratini ta’minlash Yangi O‘zbekiston taraqqiyotida ekologik barqarorlikka erishishning muhim shartlaridan biri ekani alohida urg‘ulandi.
Konferensiya davomida olimlar va tadqiqotchilar tomonidan ekologik qonunchilikni tizimlashtirish, atrof-muhit monitoringi, chiqindilarni boshqarish, atmosfera havosini muhofaza qilish hamda muhofaza etiladigan tabiiy hududlarga oid qonunchilikni yanada rivojlantirish yuzasidan ilmiy-amaliy takliflar bildirildi va yakunda tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
Muhtarama Komilova, O‘zA