DXMlar faoliyati deputatlar tomonidan o‘rganilmoqda
Bugunki kunda Davlat xizmatlari agentligi tomonidan tizimni yanada takomillashtirish, jarayon shaffofligini ta’minlash, davlat idoralari va xalq o‘rtasidagi byurokratik to‘siqlarni yo‘qotishga qaratilgan manzilli tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Xalq deputatlari mahalliy Kengashlar bilan yo‘lga qo‘yilayotgan hamkorlik aloqalari ayni yo‘nalishdagi yana bir muhim qadam hisoblanadi.
Samarqand, Oqdaryo tumanlari hamda Kattaqo‘rg‘on shahar Davlat xizmatlari markazlarida tashkil etilgan tadbirda ishtirok etgan Xalq deputatlari Samarqand va Oqdaryo tumanlari hamda Kattaqo‘rg‘on shahar Kengashi deputatlari buni alohida ta’kidlashdi.
Xalq noiblari dastlab markazlarda fuqarolar va tadbirkorlarga yaratilgan qulayliklar, xizmat ko‘rsatish sifati bilan tanishishdi hamda fuqarolar bilan suhbat qilib, ularning kayfiyati va fikrlariga qiziqishdi.
Markaz rahbarlari deputatlarga mavjud xizmat turlari, ularni olish tartibi va reglamenti haqida batafsil ma’lumot berishdi.
— Aholiga sifatli davlat xizmatlari ko‘rsatishda boshqa davlat idoralari bilan hamkorlik aloqalari juda muhim, — deydi deputat Sh. Negmatova. — Boisi, hududlardagi muammolarni bartaraf etish, aholining manfaatlarini ta’minlashda bu muhim ahamiyat kasb etadi. Deputatlar o‘rganishlar davomida mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, murojaatchilarga yanada keng imkoniyatlar yaratish borasida o‘z takliflarini bildirdi. O‘ylaymizki, hamkorlik yaxshi samara beradi.
Tadbirning ikkinchi qismida deputatlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi, DXA Samarqand viloyati boshqarmasi Axborot xizmati.
Unda davlat xizmatlari ko‘rsatishda sifat va samaradorlikni yanada oshirish yuzasidan takliflar bildirilib, fikrlar almashildi. Shuningdek, deputatlar tumanning olis hududlarida ko‘rsatilayotgan sayyor davlat xizmatlarini yuqori baholashdi hamda jarayonni yanada jonlantirish taklifini berishdi.


Abdulaziz Rustamov, O‘zA