Dunyoga mashhur “Avatar” uzumlari endi Andijonda (+video)
Andijon viloyati Asaka tumanining “Sohibkor va Yangihayot” massivlarida 190 gektar maydondagi qir-adirlik va yaylov yerlarini o‘zlashtirib, tokzorlar tashkil etish rejalashtirilgan bo‘lib, hozirda 110 gektar maydonga uzumning “Avatar” navli ko‘chatlari ekildi.
Shuningdek, suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan hududda to‘liq tomchilatib sug‘orish tizimi joriy qilinib, qator oralariga poliz va sabzavot ekinlari parvarish qilinmoqda. Qolgan 80 gektar maydonga joriy yilning kuz oylarida ko‘chat ekish ishlari amalga oshiriladi.

Mazkur loyiha Agrosanoatni rivojlantirish agentligi huzuridagi “Agrosanoat innovatorlari” MCHJ ko‘magida amalga oshirilmoqda.
Aynan hududning noyob iqlim sharoiti, yer maydonlari uzumning “Avatar” (Mon drops) naviga mos keldi. Ushbu navning vatani Kaliforniya bo‘lib, ushbu ko‘chatlar qurg‘oqchilikka chidamli hisoblanadi.

Ushbu bog‘ Kaliforniya tajribasi asosida yaratilgan bo‘lib, uzum yetishtirishda yuqori samaradorlikka erishish, resurslardan oqilona foydalanish hamda mahsulot sifatini oshirish imkonini bermoqda.
Shu bilan birga mazkur loyiha orqali ushbu joyni mintaqaviy turistik hududga aylantirish, mingga yaqin ish o‘rinlari yaratish, byudjetga 3 mlrd so‘mlik tushum va 5 mln dollarlik xizmatlar eksportini ta’minlash reja qilingan.

Bu yerda 4 ta kapsula usulida barpo etilgan dam olish maskani va 5 ta zamonaviy jihozlangan o‘tov tipidagi mehmon uylari, agroturizm majmuasi, gullar bog‘i, archazor, 30 gektardan iborat manzarali daraxtzorlar va 1 ta oilaviy restoran tashkil qilinadi. Shuningdek, Ziplayn - 2 km uzunlikda dor yo‘li va turli xil attraksionlar dam oluvchilarga xizmat ko‘rsatadi. Loyiha 2026-yilda to‘liq quvvatda ishga tushiriladi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/pdrkbvXH_iE?si=7KBPAlUxpxkXK6AR" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov,
Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA