Dunyo polvonlari Norinda bellashadi
17-18 avgust kunlari Namangan viloyatining Norin tumani markazida Xalqlar do‘stligi Gran-pri xalqaro turniri bo‘lib o‘tadi.
Ilk bor O‘zbekiston Respublikasi sportni rivojlantirish vazirligi, O‘zbekiston belbog‘li, bel olish va uchkurash assotsiatsiyasi hamda Namangan viloyati hokimligi tomonidan o‘tkazilayotgan ushbu nufuzli turnirda Yevropa va Osiyo qit’alarining 20 ga yaqin davlatlaridan nomdor polvonlar ishtirok etishi kutilmoqda.
Xalqaro turnirda belbog‘li, bel olish, uch kurash, va etnosport turlariga kiruvchi qardosh davlatlarning ko‘ro‘sh, go‘resh, shalvar guresh turlari bo‘yicha ham kurashchilar g‘oliblik uchun gilamga chiqadi. Shu munosabat bilan bugun Namangan shahridagi «Turkiston» mehmonxonasida Xalqlar do‘stligi Gran-pri xalqaro turniri oldidan OAVlari xodimlari uchun matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Anjumanda O‘zbekiston belbog‘li, bel olish va uchkurash assotsiatsiyasi bosh kotibi Nosir Azizov hamda xorijiy mamlakatlarning vakillari tadbir ishtirokchilarining qiziqtirgan savollariga javob berishdi.
Ahamiyatlisi, mazkur Xalqlar do‘stligi Gran-pri xalqaro turniri har yili yurtimizda o‘tkaziladigan bo‘ldi. Bunday nufuzli xalqaro turnirning o‘tkazilishi mamlakatimizda sport turizmini yanada rivojlantirishga ham xizmat qiladi.
O‘zA