Dunyo navoiyshunoslari Navoiyda jamlandi
Bugun, 24 noyabr kuni Navoiy shahridagi «Ma’naviyat va ma’rifat markazi»da «Alisher Navoiy ijodiy merosining bashariyat ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyotidagi o‘rni» mavzusidagi IV an’anaviy xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘z ishini boshladi.
Bu haqda Navoiy viloyati hokimligi xabar bergan.

Navoiy viloyati hokimligi, respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Navoiy davlat pedagogika instituti hamda Alisher Navoiy xalqaro jamoat birlashmasi hamkorligida tashkil etilgan mazkur anjumanga AQSH, Kanada, Albaniya, Turkiya, Rossiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Eron, Mongoliya, Tojikiston, Tatariston kabi dunyoning o‘ndan ortiq davlatlaridan yuzlab navoiyshunos olimlar, adabiyotchilar, davlat arboblari, professor-o‘qituvchilar tashrif buyurgan.

Alisher Navoiy nomi bilan ataluvchi istirohat bog‘ida qad rostlagan buyuk mutafakkir haykali poyiga gulchambar qo‘yib, ehtirom ko‘rsatdilar.

Ushbu marosimda nufuzli mehmonlar bilan birga Navoiy viloyati hokimi vazifasini bajaruvchisi Normat Tursunov, sektorlar rahbarlari, ijodkor ziyolilar, ma’naviyat sohasi fidoyilari, targ‘ibotchilar, talaba va o‘quvchi-yoshlar ishtirok etdilar.
