Dunyo e’tibori va e’tirofidagi maskan
Bundan roppa-rosa bir yil muqaddam – 2025 yilning 29 yanvar kuni muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, 2000 dan ortiq mahalliy va xorijiy olimlar tomonidan ishlab chiqilgan ilmiy-innovatsion loyihalardan markaz ekspozitsiyalarida foydalanish yuzasidan qator tavsiyalar va topshiriqlar bergan edi.
Ta’kidlash joizki, bu chin ma’noda tarixiy tashrif bo‘ldi. O‘tgan bir yil davomida markaz binosi to‘la qurib bitkazildi. Markaz faoliyatini takomillashtirish, kontentini boyitish ishlariga 40 dan ortiq mamlakatdan mutaxassislar, dizaynerlar jalb qilinib, hurmatli Prezidentimiz g‘oya va tashabbuslari bilan bunyod etilgan ushbu megaloyihaga safarbar etildi.
2025 yilning sentyabr oyida davlatimiz rahbari BMTning yuksak minbaridan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi qurib bitkazilgani, tez orada foydalanishga topshirilishi haqida ma’lumot berdi. Ta’kidlash joizki, o‘tgan davr ichida ichki kontent yanada boyitildi. Markaz jahon ahlining e’tibori markazidagi betakror maskanga aylandi. Bugun dunyoning turli nuqtalaridan kelgan oliy martabali mehmonlar, davlatlar va xalqaro tashkilotlar rahbarlari, markaz faoliyati, sivilizatsiyalar, shaxslar va kashfiyotlarga oid ilmiy loyixalar bilan yakindan taniib, jahonning mashhur insonlar bu haqiqatni baralla e’tirof etishmoqda.
Bugungi kunda dunyo chuqur sivilizatsion o‘zgarishlar davrini boshdan kechirmoqda. Texnologik taraqqiyot axloqiy anglashdan ilgarilab ketmoqda, global inqirozlar esa – geosiyosiy to‘qnashuvlardan tortib madaniy o‘zlikni yo‘qotishgacha – tobora ko‘proq insoniyatning muloqotga qodirligi masalasini kun tartibiga qo‘ymoqda. Din ko‘p hollarda mojarolar vositasiga, madaniyat esa bo‘linish chizig‘iga aylanayotgan bir paytda, sivilizatsion muloqotga uning asl, yaratuvchan mohiyatini qaytarishga qodir bo‘lgan yangi platformalarga ehtiyoj keskin ortib bormoqda.
Ana shunday tarixiy pallada Yevroosiyoning qoq markazida – buyuk sivilizatsiyalar va imperiyalar vujudga kelgan, ming yillar davomida savdo yo‘llari, dinlar, ilmiy maktablar va madaniyatlar tutashgan zaminda yangi turdagi noyob makon – O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi dunyoga keldi. Uning barpo etilishi tasodif emas va qandaydir populistik loyiha mahsuli ham emas. Bu – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning strategik dunyoqarashining bevosita ifodasidir.
Prezidentimiz 2017 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti minbaridan jahon hamjamiyatiga murojaat qilib, islom sivilizatsiyasining jahon tarixidagi asl o‘rnini tiklashga, shuningdek, muqaddas islom dini asosida ma’rifat, ilm-fan va insonparvarlik qadriyatlari yotganini, ekstremizm va jaholatni faqat bilim va madaniyat kuchi bilangina yengish mumkinligini eslatgan edi.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish qurilayotgan Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrifi chog‘ida ushbu yo‘nalishga yuqori xalqaro baho berib:
«Prezidentingiz Shavkat Mirziyoyev – buyuk va nufuzli rahbar, u BMTning oliy minbaridan muloqot, ma’rifat va o‘zaro hurmat g‘oyalarini izchil ilgari surmoqda» degan edi. Bu so‘zlar jahon hamjamiyati allaqachon anglab yetgan haqiqatni aks ettiradi: Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekiston tarixning chekkasida qolgan hudud emas, balki uning faol bunyodkorlaridan biriga aylandi.
O‘z navbatida, Prezident O‘zbekistonning BMT minbaridan qilgan murojaati Markaz uchun – nafaqat ulkan me’moriy inshoot sifatida, balki jahon miqyosidagi mutlaqo yangi gumanitar model sifatida – intellektual va ilmiy poydevor bo‘lib xizmat qildi. Bu model doirasida islom buyuk sivilizatsiyalar tarixi orqali namoyon bo‘ladi: aynan shu sivilizatsiyalar bag‘rida ilmiy inqiloblar yuz bergan, universitetlar va akademiyalar, kutubxonalar va laboratoriyalar barpo etilgan, tibbiyot va falsafa, san’at va ilmiy izlanishning asoslari qo‘yilgan, zamonaviy dunyo intellektual negizi shakllangan.
O‘zbekiston Prezidentining shaxsiy siyosiy irodasi, strategik qarashlari va izchil yetakchiligi tufayli Islom sivilizatsiyasi markazini barpo etish g‘oyasi haqiqatan ham ko‘lami, mazmun-mohiyatining kengligi va xalqaro ahamiyati jihatidan misli ko‘rilmagan formatda amalga oshirildi. Yangi davr talablaridagi muzey, ilg‘or ilmiy-tadqiqot infratuzilma, eng zamonaviy kutubxona, Markaziy Osiyo sivilizatsiyalari rivojini qamrab olgan milliy va xalqaro arxiv tizimi, raqamli gumanitar texnologiyalar hamda global ilmiy-madaniy hamkorlikning keng tarmoqlarini birlashtirgan noyob sivilizatsion majmua yaratildi.
Ushbu loyihaga Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev ham yuksak baho berib, shunday degan:
«Bu ulkan va noyob inshootdir. Darhaqiqat, bu – ilmiy, turistik va etnomadaniy loyiha. O‘zbekiston Prezidentining fikriga qo‘shilaman: Islom sivilizatsiyasi markazi bu yerda, Toshkentda, juda muhim sohada ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish uchun umumiy maydonga aylanishi mumkin».
Jahon ekspertlari ta’kidlaganidek, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi – oddiy infratuzilmaviy ob’ekt yoki madaniy siyosatning ramziy ifodasi emas. Bu – O‘zbekiston yetakchisining zamonaviy global chaqiriqlarga ongli sivilizatsion javobi. Bu – islom olami tarixida ilk bor shunday ulkan ko‘lamda, sivilizatsiyalar o‘rtasidagi haqiqiy muloqot uchun global va doimiy amal qiluvchi platforma sifatida yaratilgan loyiha.
Aslida, O‘zbekiston tarixda ilk bor o‘z zimmasiga tarixiy va ma’naviy missiyani oldi – islom dini va islom sivilizatsiyasi tushunchasining qiyofasini buzib talqin etishga an’anaviy safsata va xalqaro forumlar hamda konferensiyalardagi bayonotlar bilan emas, balki jahon ahamiyatiga ega bo‘lgan haqiqiy, amal qiluvchi intellektual makonni yaratish orqali qarshi turishga bel bog‘ladi.
Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev bu ma’noni aniq ifoda etib, shunday ta’kidladi:
«O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, biz yana bir bor mamlakat rahbariyatining o‘zbek xalqining boy madaniy va ma’naviy qadriyatlarini asrash va targ‘ib etishga chuqur sadoqatini ko‘rdik. Ayrim mamlakatlarda dinimizga nisbatan hujumlar kuchayayotgan, islomofobiya esa tizimli tus olayotgan bir sharoitda Islom sivilizatsiyasi markazining ochilishi alohida ahamiyat kasb etadi. Ushbu Markaz butun dunyoga islom – bunyodkorlik, gumanizm, bag‘rikenglik, do‘stlik va birodarlik dini ekanini yaqqol namoyon qiladi».
Ekspertlar va siyosatchilar bir ovozdan ta’kidlamoqdaki, mazkur loyiha radikalizmga va islom qiyofasini buzib ko‘rsatishga qarshi gumanitar himoya – kuch bilan emas, bilim bilan yaratilgan qalqonga aylandi.
Markaz faoliyati uchun madaniy merosni qaytarish jarayoni alohida ahamiyatga ega. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti topshirig‘iga binoan maxsus davlat va diplomatik mexanizmlar yaratildi, bu esa Markazga dunyodagi eng yirik auksion uylari – Sotheby’s, Christie’s, Bonhams – shuningdek, yetakchi muzey tuzilmalari va xususiy kolleksionerlar bilan tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkonini berdi. Natijada mamlakatga taxminan ikki mingga yaqin noyob artefaktlar qaytarildi. Ular orasida Ibn Sino qo‘lyozmalari, Beruniy asarlari, Temuriylar davri miniatyuralari, islom san’ati durdonalari va o‘n yillar, hatto asrlar davomida Vatan hududidan tashqarida saqlanib kelgan boshqa beqiyos yodgorliklar bor.
Bu – Markazning ulkan muzey ekspozitsiyalarini boyitishgina emas, balki Markaziy Osiyoning sivilizatsion xotirasini qaytarish va tarixiy adolatni tiklashning haqiqiy amaliyotdagi ifodasidir.
Shu nuqtai nazardan, Paragvay Respublikasi Prezidenti Santyago Penya Markaz ekspozitsiyalari bilan tanishar ekan, o‘z hayratini yashirmadi:
«Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalari bilan tanishuv menda juda kuchli taassurot qoldirdi. Insoniyat sivilizatsiyasi taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan ko‘plab ilmiy va madaniy yutuqlar aynan shu zaminda ilk bor vujudga kelgan. Afsuski, dunyoda hamma ham algebra, tibbiyot va boshqa fanlar sohasidagi ilk fundamental asarlar aynan shu yerda paydo bo‘lganini bilmaydi. Bu tashrif meni ilhomlantirdi va O‘zbekiston ulkan salohiyatga ega ekaniga ishonchimni mustahkamladi. O‘zbekiston tarixi haqiqatdan ham noyobdir».
Bu so‘zlar Yangi O‘zbekiston siyosati tufayli mamlakat yana bir bor jahon bilan o‘zining haqiqiy tarixi tilida so‘zlasha boshlaganining e’tirofidir.
Ekspertlar va siyosiy yetakchilarning fikricha, O‘zbekiston Prezidenti faqat o‘tmishni tiklash va bugunni anglash bilan cheklanmay, kelajakni izchil va maqsadli ravishda shakllantirmoqda. Shu bois Islom sivilizatsiyasi markazi avval boshdan dinamik rivojlanuvchi tizim – xalqaro ilmiy platforma, mediamaydon, nashriyot va ta’lim markazi sifatida vujudga keldi. Bu yerda islomshunoslikning yangi avlodi, ilg‘or muzey texnologiyalari va zamonaviy madaniy diplomatiyaning yangi yo‘nalishlari shakllanmoqda.
Finlyandiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Stubb Markazga tashrifidan so‘ng shunday dedi:
«Rostini aytsam, men bu yerda haqiqatan ham misli ko‘rilmagan taassurotlar girdobida qoldim. Har bir ekspozitsiya, har bir zal, har bir tafsilot chuqur va puxta o‘ylangan. Uch ming yillik tarixni bugungi avlodga shunchalik zamonaviy, ta’sirchan va ishonarli formatda yetkazish yuksak darajadagi san’at va katta mahoratni talab qiladi. Ushbu Markaz nafaqat o‘tgan asrlar merosini qayta tiriltirdi va qayta angladi, balki kelajak avlodlar uchun ilhom manbaiga aylandi. Ayniqsa, interaktiv ekspozitsiyalar va innovatsion texnologiyalar juda ta’sirli – ular yoshlarni rostdan ham o‘ziga tortadi. Bu yerda tarixni o‘qimaydilar – uni his qiladilar. Yaratilgan muhitda beparvo qolish yoki zerikishning iloji yo‘q. Har bir sahna, har bir yorug‘lik aksenti, har bir tafsilot o‘z ma’nosi va badiiy mantiqiga ega. Men bu Markazni samimiy minnatdorlik, chuqur hurmat va hayrat tuyg‘usi bilan tark etyapman».
Bugun O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi zamonaviy dunyo uchun bosqichma-bosqich shakllanib borayotgan intellektual markaz sifatida namoyon bo‘lmoqda. Turli tarixiy davrlarda Bog‘doddagi Bayt ul-hikma, Xorazm Ma’mun akademiyasi va Samarqanddagi Ulug‘bek madrasasi qanday ahamiyat kasb etgan bo‘lsa, Markaz ham bugungi kunda shunday makonga aylanmoqda – u faqatgina ilm saqlangan va to‘plangan joy emas, balki sivilizatsiyalar intellektual va ma’naviy taraqqiyoti yo‘nalishini belgilab bergan muhitni yetkazuvchi manzildir.
Biroq hozirgi tarixiy davrda Markaz faoliyati yuksak va ulug‘vor vazifalarni qamrab olgan. Agar ilgari bunday ilmiy markazlar o‘z davri va madaniyati doirasida tarkib topib, g‘oyalar asrlar davomida qo‘lyozmalar, tarjimalar va avlodlar orqali sekin tarqalgan bo‘lsa, bugun Islom sivilizatsiyasi markazi mamlakat Prezidenti tomonidan ilk kundanoq ochiq, global ta’limiy va madaniy-gumanitar megaplatforma sifatida shakllantirishga mo‘ljallangan.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi XXI asrga xos yangi turdagi sivilizatsion institutdir. Bu yerda tarixiy bilim raqamli texnologiyalar bilan uyg‘unlashadi, qo‘lyozma global raqamli manbaga aylanadi, muzey ilmiy laboratoriya tusini oladi, milliy meros esa xalqaro muloqot, o‘zaro anglashuv va bunyodkorlikning umuminsoniy mezoniga aylanadi.
Ushbu maqolani Serbiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Vuchichning so‘zlari bilan yakunlash o‘rinli:
«Men bunga o‘xshash markazni avval hech qayerda ko‘rmaganman. Islom sivilizatsiyasi markazi nihoyatda zamonaviy va go‘zal uslubda qurilgan va yaratilgan. Bugun men juda ko‘p narsani o‘rgandim va albatta bu yerga yana qaytaman. Serbiyalik barcha vatandoshlarimga shunday degan bo‘lardim: «Azizlarim, men juda katta xato qilganman, chunki bu mamlakatga ilgari hech qachon kelmaganman. Iltimos, imkon qadar tezroq O‘zbekistonni ko‘rish uchun kelinglar».
Firdavs Abduxoliqov
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori