Do‘stlik sanoat shaharchasiga aylanmoqda
Jizzax viloyat hokimligi axborot xizmati tashabbusi bilan Do‘stlik tumaniga markaziy va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida press-tur tashkil etildi.
Tadbir ishtirokchilari tumandagi ijtimoiy-iqtisodiy sohada amalga oshirilgan loyihalar bilan tanishishni “Sanoatchilar” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida tashkil etilgan mikromarkazdan boshladi. Bu yerda 10 gektar maydonda kichik sanoat hamda tadbirkorlik zonalari tashkil etilgan.
Davlatimiz rahbarining 2022 yil 25 iyuldagi “Mahallalarda sanoat, hunarmandchilik, kasanachilik va chorvachilik mikromarkazlarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida “Sanoatchilar” MFY hududidagi sobiq chiqindi poligoni o‘rnida 3 gektarlik mikromarkaz tashkil etildi. Mahallalarda sanoat, hunarmandchilik, kasanachilik kabi faoliyat turlari bilan shug‘ullanuvchi fuqarolarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning ish yuritish sharoitlarini yaxshilash, ishsizlik darajasi yuqori bo‘lgan hududlarda zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirilishini jadallashtirish hamda shunga asosan doimiy ish joylari tashkil etilishini ta’minlash rejalashtirilgan.
Prezidentimizning 2023 yil 23 fevraldagi “Kasanachilikni yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim ahamiyat kasb etadi. Kasanachilarga qulay soliq rejimini joriy etish, faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash choralarini kengaytirish, tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan o‘z faoliyatiga kasanachilarni keng jalb qilishni rag‘batlantirish orqali aholining bandligini ta’minlash va daromadlarini oshirish imkoniyati tug‘ildi.
Ushbu mikromarkazdagi “Lola chinnilari” mas’uliyati cheklangan jamiyatda chinni buyumlari, “Do‘stlik ipnovatsion textil” MCHJda har xil turdagi sumkalar va maxsus kiyimlar, “Manas agro cluster” MCHJda gazli va gazlanmagan ichimlik suvlari ishlab chiqarish kabi loyihalar amalga oshirildi. Shuningdek, sintafondan tayyor ko‘rpa, turli qog‘oz, penoplastdan qurilish-bezak, zanglamas metalldan mebel va ro‘zg‘or buyumlari, qurilishbop mahsulotlar tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarilmoqda.
– Tikuvchilik majmuasida ishlab chiqarilayotgan kiyim-kechaklar Rossiya Federatsiyasiga eksport qilinmoqda, – deydi Do‘stlik tuman investitsiyalar, sanoat va tashqi savdo bo‘limi boshlig‘ining o‘rinbosari Olimjon Qahhorov. – Rossiyalik hamkorlar bilan 5 million AQSH dollarlik shartnoma imzolangan. Chinni buyumlari esa Qirg‘iziston va Tojikiston Respublikalariga eksport qilinmoqda.
[gallery-15499]
Mazkur mikromarkazda faqat qurilish materiallarining 35 turi 50 dan ziyod tadbirkor tomonidan ishlab chiqarilayotganini ham ta’kidlab o‘tish lozim. E’tiborlisi, tayyor mahsulot shu yerning o‘zida iste’molchiga yetkazib berilayotgani va aholiga qulaylik yaratish maqsadida markazning yonida qurilish mollari bozori tashkil etilganidir.
Press-tur ishtirokchilari “Sanoatchilar” MFY hududida barpo etilayotgan suv tozalash inshootida bo‘ldi. Umumiy qiymati 20 milliard so‘mni tashkil etuvchi inshoot tuman uchun muhim ahamiyat kasb etadigan loyihalardan sanaladi. Do‘stlik shaharchasidagi korxona, tashkilot, aholi xonadonlaridagi oqova suv ilgari ochiq maydonga chiqarilgan edi. Yangi barpo etilayotgan inshootda loyihaga ko‘ra, oqova suvlar to‘planib, olti bosqichda filtrlanib, texnik suvga aylantiriladi.
Ahamiyatlisi, qayta ishlangan suvdan qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orish imkoniyati tug‘iladi. 1800 metr kub suvni qabul qilish quvvatiga ega ushbu inshoot joriy yilning mart oyida to‘liq foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.
Jurnalistlar press-tur davomida tuman suv ta’minoti idorasi, “Sanoatchilar” MFYning yangi binosi, “Chinobod” MFYdagi “Yangi O‘zbekiston” massivida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari