"Do‘stlik" festivali Mustaqillik monumenti poyiga gulchambar qo‘yish marosimi bilan boshlandi
BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 30-iyul sanasi Xalqaro do‘stlik kuni sifatida e’tirof etilgani munosabati bilan mamlakatimizda 23–31-iyul kunlari “Do‘stlik” festivali o‘tkazilmoqda.
Ushbu festival xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro hurmat, bag‘rikenglik va ahillik muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Festivalning dastlabki tadbiri sifatida Toshkent shahridagi “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida joylashgan Mustaqillik monumenti poyiga gulchambar qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda davlat va jamoat tashkilotlari, milliy madaniy markazlar, do‘stlik jamiyatlari, yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Ramziy ahamiyatga ega ushbu marosim Vatanga sadoqat, tarixiy xotiraga hurmat va milliy birlik g‘oyalarining yorqin ifodasi bo‘ldi.

Bugungi kunda yurtimizda turli millat va elat vakillarining tinch-totuv, o‘zaro hurmat va ishonch muhitida yashab kelayotgani Yangi O‘zbekiston siyosatining muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. “Do‘stlik” festivali ham ana shu ezgu qadriyatlarni mustahkamlash, millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik madaniyatini keng targ‘ib etishga qaratilgani bilan ahamiyatli.

Festival doirasida o‘tkazilayotgan madaniy-ma’rifiy tadbirlar, uchrashuvlar va do‘stlik anjumanlari jamiyatda birdamlik ruhini yanada kuchaytirish, yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat, insonparvarlik va millatlar o‘rtasidagi hamjihatlik tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz. Bunday tashabbuslar yangi O‘zbekistonda tinchlik, hamjihatlik va o‘zaro hurmat eng yuksak qadriyat ekanini yana bir bor namoyon etadi.
Nigora Rahmonova,
Farhod Abdurasulov (surat),
O‘zA