Do‘ngqishloq – islohotlar, bunyodkorlik va yuksalayotgan yoshlar maskani
Xalqimizda «Obod mahalla – obod Vatan» degan hikmat bor. Darhaqiqat, yurt taraqqiyotini tasavvur etish uchun, avvalo, mahallalar hayotiga nazar tashlash kifoya. Bugun Andijon viloyati Paxtaobod tumanidagi Do‘ngqishloq mahallasida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, aholi farovonligini oshirishga qaratilgan tashabbuslar va yoshlarning yutuqlari bu fikrning hayotiy ifodasidir.
Mahalla taraqqiyoti – islohotlar samarasi
Do‘ngqishloq mahallasida bugun 2 ming 565 nafar aholi, 719 ta oila istiqomat qiladi. Mahalla hayotida qishloq xo‘jaligi muhim o‘rin tutadi. Aholi tomorqalar va issiqxonalardan samarali foydalanib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish hamda bozorlarga yetkazib berish orqali oilaviy daromadlarini oshirib kelmoqda.
Biroq, bugungi mahalla hayotini faqat dehqonchilik yoki issiqxonachilik bilan izohlab bo‘lmaydi. Zero, zamonaviy mahalla bu aholi uchun munosib turmush sharoiti yaratiladigan, tadbirkorlik qo‘llab-quvvatlanadigan, yoshlar bilim va kasb egallaydigan, ijtimoiy muammolarga yechim izlanadigan yaxlit tizimdir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi PF-22-son farmoni bilan tasdiqlangan «Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish» yilida ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlari hamda «O‘zbekiston-2030» strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturida mahallalarda ish o‘rinlarini yaratish, tadbirkorlik va xizmat ko‘rsatishni rivojlantirish, infratuzilmani yaxshilash hamda aholi muammolarini joyida hal etish ustuvor vazifalar sifatida belgilangan.
Yo‘llar ravon, xonadonlar obod

Do‘ngqishloq mahallasidagi so‘nggi yillardagi o‘zgarishlar haqida so‘z borganda, birinchi navbatda, infratuzilmani yaxshilash borasida amalga oshirilgan ishlarni ta’kidlash lozim.
- Mahallada Anjirzor, Shodlik, Samoviy va Tegirmonboshi nomli to‘rtta ichki ko‘cha mavjud. Jahon banki loyihasi doirasida Anjirzor ko‘chasining 1,9 kilometri va Samoviy ko‘chasining 3,4 kilometrida asfaltlash ishlari bajarildi. Natijada ichki yo‘llarning jami 5,3 kilometrida yo‘l infratuzilmasi yaxshilandi – deydi mahalla raisi Zubaydaxon Toirova.
Mahallada elektr ta’minotini yaxshilashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, 145 ta beton tayanch o‘rnatilib, 5,5 kilometr zamonaviy o‘zini o‘zi ko‘taruvchi izolyatsiyalangan (SIP) kabel tarmog‘i tortildi. Bu ishlar elektr energiyasini yetkazib berish infratuzilmasini yangilashga qaratilgan.
Ayniqsa, qishloq xo‘jaligi va issiqxonachilik rivojlangan hududlarda elektr ta’minotining barqarorligi muhim ahamiyatga ega. Chunki ishlab chiqarish jarayonlari, suv nasoslari va boshqa uskunalarning samarali ishlashi ko‘p jihatdan energiya ta’minotiga bog‘liq.
Mahalladagi yana bir muhim o‘zgarish aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash masalasida amalga oshirilgan ishlardir. Bugun Do‘ngqishloqning barcha aholisi ichimlik suvi bilan ta’minlangan, xonadonlarga suv hisoblagichlari o‘rnatilgan.
Infratuzilmani yaxshilashga qaratilgan ishlar doirasida mahalla hududidagi 13-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabini ta’mirlash uchun 6 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan va ta’lim muassasasi zamonaviy ta’mirdan chiqarilgan.
Daromadli mehnat – farovon hayot asosi

Mahallaning iqtisodiy taraqqiyotini ta’minlashda aholi bandligini oshirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va oilaviy daromad manbalarini ko‘paytirish alohida o‘rin tutadi.
Mahallaning hokim yordamchisi Baxtiyorjon Rahimovga ko‘ra, 2026-yil boshidan buyon tadbirkorlik qilish istagidagi aholi vakillariga jami 800 million so‘m kredit mablag‘lari ajratilgan. Bu mablag‘lar orqali aholining daromadini oshirish va mustaqil daromad manbalarini shakllantirishga ko‘maklashish choralari ko‘rilmoqda.
Mahalla aholisini kasb-hunarga o‘qitish bo‘yicha ham targ‘ibot ishlari olib borilmoqda. Joriy yilning o‘zida 20 nafardan ziyod fuqaro kasb-hunarga o‘qitilgan.
Yoshlarga yaratilgan imkoniyat – kelajakka kiritilgan sarmoya
Do‘ngqishloq mahallasida 14–30 yoshli 655 nafar yigit-qiz istiqomat qiladi. Bu mahalla kelajagi, uning iqtisodiy va ma’naviy salohiyatini belgilaydigan katta kuch.
Yoshlarning sifatli ta’lim olishi, xorijiy tillarni o‘rganishi, zamonaviy kasblarni egallashi va o‘z iqtidorini namoyon qilishi uchun sharoit yaratish bugungi kunning eng muhim vazifalaridan biridir.
Yoshlar yetakchisi Elmurod Akbarovning ta’kidlashicha, til sertifikatini qo‘lga kiritayotgan yoshlar soni ortib, yoshlar oliy ta’lim muassasalariga kirishda qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bo‘lmoqda.
Xorijiy tillarni bilish yoshlarga nafaqat ta’lim olish, balki xalqaro axborot manbalaridan foydalanish, zamonaviy bilimlarni o‘zlashtirish va kelajakda munosib kasb egasi bo‘lish imkonini beradi. Shu bois til o‘rganishga bo‘lgan qiziqishni rag‘batlantirish, iqtidorli o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlash va ularning natijalarini ommalashtirish muhim.
Axborot texnologiyalari sohasiga qiziqishni oshirish bo‘yicha ham ishlar olib borilmoqda. Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar farzandlari tuman markazidagi IT markazida bepul bilim va ko‘nikmalarni egallash imkoniyatiga ega.
Bu kabi tashabbuslar raqamli iqtisodiyot sharoitida yoshlarning yangi imkoniyatlardan foydalanishi uchun zamin yaratadi.
Do‘ngqishloq – sportchilar mahallasi
Mahallaning yana bir e’tiborga molik jihati sportga bo‘lgan qiziqish va yosh sportchilarning erishgan yutuqlaridir.
Do‘ngqishloqni sportchilar mahallasi, deb atash mumkin. Bu yerda stol tennisi va belbog‘li kurash kabi sport turlari rivojlangan. Mahalla yoshlarining respublika va xalqaro musobaqalardagi natijalari ularning iste’dodi, mehnati va muntazam mashg‘ulotlari samarasini ko‘rsatadi.
Malohatoy Davronova, Qutbiddin Teshaboyev, Elmurod Xoliqov, Gulnoraxon Akbarova, Umidjon Zokirov, Diloromxon va Odinaxon Arslonovalar stol tennisi bo‘yicha bir necha bor O‘zbekiston hamda xalqaro musobaqalarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan.
Belbog‘li kurash yo‘nalishida esa Yoqubjonov Ilyosbek, Biloliddinov Humoyunmirzo, Biloliddinov Boburmirzo va Muhammadaliyev Muhammadyusuf kabi yoshlar o‘z tengdoshlari orasida yuqori natijalarga erishib, O‘zbekiston chempionligi va jahon chempionligi kabi yuksak marralarni zabt etishgan.
Bu g‘alabalar faqat sportchilarning shaxsiy muvaffaqiyati emas. Ular ota-onalar, ustoz-murabbiylar va butun mahalla uchun ham faxr manbaidir. Eng muhimi, bunday natijalar yosh avlodga maqsad sari intilish, intizomli bo‘lish va qiyinchiliklardan chekinmaslik namunasini ko‘rsatadi.
«Mard o‘g‘lon» - mahalla uchun tarixiy e’tirof

Do‘ngqishloq mahallasi hayotida 2026-yilning 30-iyuni alohida ahamiyatga ega voqea bilan yodda qoldi. Shu kuni mahallada istiqomat qiluvchi, Andijon davlat texnika instituti doktoranti Oybek Teshaboyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori bilan «Mard o‘g‘lon» davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi. U Do‘ngqishloq mahallasidan mazkur davlat mukofotini olgan ilk yosh hisoblanadi.
Bu e’tirofni faqat bir insonning yutug‘i sifatida baholash to‘g‘ri bo‘lmaydi. Uning zamirida yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, ilm olishga intilish, o‘z ustida ishlash va jamiyatga naf keltirishga qaratilgan maqsadlar mujassam.
Doktorantning davlat mukofotiga munosib ko‘rilgani mahalladagi boshqa yoshlar uchun ham ibratli voqeadir. Bu kabi natijalar yoshlarga katta maqsadlar qo‘yish, ilm-fan bilan shug‘ullanish va o‘z qobiliyatini yuksak darajada namoyon etish mumkinligini ko‘rsatadi.
Obod mahalla yuksalayotgan jamiyat timsoli
Bugun Do‘ngqishloq mahallasida amalga oshirilayotgan ishlar bir haqiqatni namoyon etmoqda: taraqqiyot faqat yirik loyihalar yoki katta shaharlardagi o‘zgarishlar bilan cheklanmaydi. U, eng avvalo, har bir xonadondagi farovonlik, har bir inson uchun yaratilayotgan imkoniyat va har bir yoshning kelajakka ishonchida namoyon bo‘ladi.
Do‘ngqishloqning bugungi qiyofasi va yoshlarining yutuqlari kelajakka ishonch bilan qarashga asos beradi. Oldinda esa yangi vazifalar, yangi tashabbuslar va yuksak maqsadlar turibdi.
Zero, mahalla obodligi Vatan obodligi, inson qadrini ulug‘lash esa taraqqiyotning eng muhim mezonidir. Do‘ngqishloqning rivojlanish yo‘li ham ana shu ezgu maqsad odamlar farovonligi va jamiyat yuksalishiga xizmat qiladi.
Oybonu To‘xtasinova,
O‘zA