Dolzarb masalalarga bag‘ishlandi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuratura organlarining 2024 yil birinchi yarmida qonun ustuvorligini ta’minlash, inson, jamiyat va davlat manfaatlarini himoya qilish, jinoyatchilik hamda huquqbuzarliklarning oldini olish borasidagi faoliyat natijalariga bag‘ishlangan hay’at majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi, shahar va tuman prokuraturalarining xodimlari, Departament hamda MIBning Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi boshliqlari ishtirok etdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi tomonidan o‘tgan davr mobaynida 5 mingga yaqin prokuror nazorati asosida bir yarim mingdan ortiq noqonuniy hujjat qonunga muvofiqlashtirilgan, qariyb 6 ming nafar shaxsning buzilgan huquqi amalda tiklangan.
Qonunbuzilishlarni bartaraf etish va jazo muqarrarligini ta’minlash borasida ikki yarim ming nafar shaxsning intizomiy va ma’muriy javobgarlik masalasi hal etilgan. Tekshirishlar va tergov ishlari davomida 87 milliard so‘mdan ortiq zarar undirilgan, qo‘pol qonun buzilishi holatlari yuzasidan 231 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Xodimlar aralashuvi bilan 672 milliard so‘mlik 169 ta loyiha ishga tushirilib, 2 ming 368 ta yangi ish o‘rni yaratilgan, 226 ta tadbirkorlik sub’ektining faoliyati tiklangan.

Yig‘ilishda energetika sohasida tejamkorlikni ta’minlash, qurilish sohasida sifat va muddatlarga rioya etilishini nazorat qilish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash orqali yangi ish o‘rinlari yaratish, biriktirilgan yoshlar muammolarini hal etish bo‘yicha aniq va muddatli topshiriqlar berilib, ijrosi nazoratga olindi.
Hay’at majlisida ko‘rilgan masalalar yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri