Diplomatiya tarixidagi yorqin iz
O‘zbekiston mustaqilligini birinchilardan bo‘lib tan olgan davlatlardan biri Koreya Respublikasidir. Bizdan ancha uzoqda — Koreya yarim orolida joylashgan bu rivojlangan mamlakat bilan 1992 yil yanvar oyidan diplomatik aloqalar o‘rnatildi. E’tiborlisi, o‘zaro hamkorlik ochiqlik, o‘zaro anglashuv va manfaatlarni hurmat qilish prinsiplariga tayanadi.
Tarixan qisqa davrda Koreya Respublikasi O‘zbekistoning vaqt sinovida toblangan ishonchli hamkoriga aylandi. Bugun deyarli barcha sohalarda, siyosiy, iqtisodiy, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya, eksport-import, madaniyat, fan-ta’lim, sog‘liqni saqlash, axborot texnologiyalari kabi qator yo‘nalishlarda hamkorlik amalga oshirilmoqda. Ushbu mamlakat O‘zbekistonning tashqi savdo sohasidagi sheriklari safida to‘rtinchi o‘rinni egallab turgani ham shundan dalolatdir. 2019 yil aprel oyida ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar mutlaqo yangi — alohida strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi.

Oliy darajadagi diplomatik munosabatlar o‘rnatilishida, shubhasiz, O‘zbekiston Respublikasining Koreya Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Vitaliy Vasilevich Fenning alohida xizmati bor. Mustaqillikning dastlabki va og‘ir yillarida mamlakatimiz oldida iqtisodiy tanglikni tezda bartaraf etish, xalq turmushi farovonligini oshirish, qo‘shni va rivojlangan davlatlar bilan o‘zaro ishonch va manfaatdorlik asosida mustahkam hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishdek murakkab vazifalar turardi. Shunday vaziyatda siyosiy-iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy sohalarda katta tajribaga ega bo‘lgan Farg‘ona farzandi zimmasiga katta mas’uliyat yuklandi.
Koreya Respublikasi yuksak darajada taraqqiy etgan, ulkan iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, innovatsion va intellektual salohiyatga ega davlat bo‘lgani bois, Vitaliy Fen dastlab O‘zbekiston Respublikasining Muvaqqat ishlar vakili, so‘ngra Favqulodda va muxtor elchi sifatidagi ish faoliyatini koreyaliklar erishgan muvaffaqiyatlarni har jihatdan o‘rganishdan, o‘zaro strategik hamkorlikning yaqin va uzoq yillarga mo‘ljallangan yo‘nalishlarini belgilab olishdan boshladi. Keyin esa Koreya iqtisodiy va moliyaviy tuzilmalari rahbarlarini, yetakchi kompaniyalar, banklar, biznes vakillarini va ishbilarmonlar doirasini O‘zbekistonga jalb qilish, eng asosiysi, yirik kompaniyalarning mamlakatimiz iqtisodiyotiga ko‘proq sarmoya kiritishi uchun vakolati doirasida tinim bilmadi. Qolaversa, parlamentlararo, hukumatlararo aloqalarni, vazirliklar o‘rtasida yaqin siyosiy munosabatlarni izchil yo‘lga qo‘yishga, ijtimoiy va gumanitar sohalardagi sheriklikni yuksak darajaga ko‘tarishga munosib hissa qo‘shdi.
Vitaliy Vasilevich Fen mustaqil O‘zbekiston tarixida bir mamlakatda eng uzoq yil elchilik qilayotgan davlat va jamoat arbobi, etnik koreys millati vakili. U 28 yildan buyon muvaqqat ishlar vakili, Favqulodda va muxtor elchi, Seuldagi diplomatik korpus yetakchisi va yana Favqulodda va muxtor elchi, O‘zbekistonning Koreyadagi diplomatik missiyasi rahbari bo‘lib xizmat qilib kelmoqda. 76 yoshni qarshilayotgan bu inson haqiqatan ham o‘zbek xalqining fidoyi farzandi, bilimdon, siyosiy yetuk diplomat. Mustaqil davlatimizning “Mehnat shuhrati”, “Buyuk xizmatlari uchun” ordenlari va qator medallari bilan mukofotlangan. Shuningdek, mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashdagi xizmatlari evaziga Koreya hukumatining “Gvanxva” ordeni bilan taqdirlangan, 2005 yildan buyon Seulning faxriy fuqarosi hisoblanadi.
Yaqinda Koreyaning “Fornurse” nashriyoti O‘zbekiston faxriga aylangan yurtdoshimizning ibratli hayoti va uzoq yillik mehnat faoliyatiga bag‘ishlangan “Vitaliy Fen. Diplomatiya tarixidagi yorqin iz” nomli kitobini rus tilida bosmadan chiqardi.
Memuar ikki qismdan iborat bo‘lib, uning dastlabkisi umr zarvarag‘idir. Unda fidoyi inson Vitaliy Vasilevich Fenning hayot yo‘li, o‘zi bilgan, guvohi bo‘lgan muhim voqealar ikki davlat rahbarlarining oliy darajadagi uchrashuvlari, siyosiy anjumanlar tafsilotlari, diplomatik faoliyat va arxiv hujjatlari asosida bitilgan. Bu jarayonlar tarixga aylangan suratlarda aks etgan. Ikkinchi qismida uni bilgan, tanigan, birga xizmat qilgan o‘zbek va koreyalik taniqli davlat xizmatchilari, maslahatchilar, vazirliklar vakillari, elchi va konsullar, yirik kompaniyalar prezidentlari, ommaviy axborot vositalari xodimlarining xotiralari bayon qilingan.
Muqaddimada yozilganidek, “Vitaliy Vasilevich Fen — O‘zbekistonning taniqli diplomatlaridan biri. Davlatning Koreya Respublikasidagi birinchi elchisi sifatida butun kuchini ikki mamlakatning do‘stlik munosabatlarini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirishga baxsh etdi, uning xizmatlari samarasida bu munosabatlar alohida strategik sheriklik darajasiga yetdi”.
“Koreya Respublikasining yetti prezidenti davrida faoliyat yuritishimga to‘g‘ri keldi. Qaysi yil bo‘lmasin, o‘zbek va koreys iqtisodiy munosabatlarini barqaror mustahkamlashga qaror qildim, malakali mutaxassislarni jalb qilish faollashdi, hukumat darajasidagi munosabatlar do‘stona, ishonchli xususiyatga aylandi...” deb yozadi muallif.
Darhaqiqat shunday. Bugungi kunda masofa jihatidan bir-biridan olisda bo‘lsa-da, O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik rishtalari juda yaqin. Siyosiy-diplomatik, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy sohalardagi munosabatlar yangi sifat bosqichiga ko‘tarilgan. Mamlakatimizda Koreya sarmoyasi ishtirokidagi o‘nlab yirik ishlab chiqarish korxonalari faoliyat yurityapti, kichik biznes vakillari to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritmoqda, bu davlat malakali mutaxassislari zamonaviy texnologiyalar va kommunikatsiyalarni o‘zlashtirishda o‘zbek kasbdoshlariga ko‘maklashmoqda, O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan koreys diasporasi milliy qadriyatlari asosidagi an’analarini emin-erkin nishonlamoqda, barcha viloyatlarda koreys milliy madaniy markazlari tashkil qilingan.
“Vitaliy Fen. Diplomatiya tarixidagi yorqin iz” nomli mazkur kitob oddiy o‘quvchi uchun ham, davlat xizmatchilari, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy sohalar vakillari uchun ham muhim qo‘llanma — hayot maktabi vazifasini bajarishiga shubha yo‘q.
Rustam ORIPOV.