Deputat saylovchilarning muammolarini o‘rgandi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlarining joylarda o‘z saylovchilari bilan uchrashuvlari bo‘lib o‘tmoqda.
Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida parlament quyi palatasi deputati O‘rol O‘rozboyevning unga ishonch bildirgan saylovchilari bilan uchrashuvlari amaliy natijalarga boy bo‘ldi.
Oliy Majlis deputati tumandagi bir qator qishloq va mahalla fuqarolar yig‘inlarida bo‘lib, hududlarda amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi, fuqarolar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Xalq vakili o‘tgan 2022 yilgi investitsiya dasturi doirasida yangidan foydalanishga topshirilgan oilaviy shifokorlik punktlari hamda umumta’lim maktablarida bo‘lib, bu muassasalardagi ish jarayonini ko‘zdan kechirdi.
Jumladan, O‘rol O‘rozboyev tomonidan Sharof Rashidov tumanidagi “Olmachi” oilaviy poliklinikasi hamda “G‘ozg‘ontepa” oilaviy shifokorlik punktining moddiy -texnik bazasi darajasi o‘rganilib, yuzaga kelgan muammolar atroflicha muhokama qilindi.
Shuningdek, o‘tgan yili yangidan ta’mirlangan tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qarashli 19 va 20-sonli umumta’lim maktablaridagi shart-sharoitlar atroflicha tahlil qilinganida, ushbu ta’lim muassasalarida ta’mirlash va jihozlash ishlari yakuniga yetmaganligi oydinlashib qoldi.
Xalq vakili muammolarni zudlik bilan bartaraf etishni mutasaddilar bilan muhokama etib, ijrosini nazorat qilishni o‘z zimmasiga olganini ta’kidladi.
A.Qayumov,
O‘zA