Deputat “Mahalla yettiligi” a’zolari bilan uchrashdi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Ruslan Jumamuratov Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bo‘zatov tumanidagi “Qusqanatau” ovul fuqarolar yig‘inida bo‘lib, “Mahalla yettiligi” a’zolari va faollar bilan uchrashdi.
Tadbir davomida deputat tomonidan mamlakatimizda qonunchilik sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, qabul qilinayotgan qonun, farmon va qarorlarning mazmuni hamda ularning aholi hayotidagi ahamiyati bo‘yicha atroflicha ma’lumot berildi. Ayniqsa, qonunlarning amaliyotda ijrosi, fuqarolar manfaatlarini ta’minlashdagi o‘rni alohida qayd etildi.

Shuningdek, mahallada olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish jarayonlari, aholi turmush darajasini yaxshilashga qaratilgan tashabbuslar yuzasidan fikr almashildi. “Mahalla yettiligi” a’zolari tomonidan bildirilgan taklif va muammolar tinglanib, ularni hal etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi hamda ijrosi tegishli tartibda nazoratga olindi.
Uchrashuvda huquqbuzarliklar va jinoyatchilikning oldini olish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, yoshlar o‘rtasida profilaktik tadbirlarni kuchaytirish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yish zarurligi ta’kidlandi. Shu bilan birga, mahalladagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada mustahkamlash, aholi bilan muntazam va ochiq muloqot olib borish orqali muammolarni erta aniqlash va manzilli choralar ko‘rish muhimligi qayd etildi.
Tadbirda ilgari surilgan takliflar asosida hamkorlikni yanada mustahkamlash, hududni har tomonlama rivojlantirish yo‘lida birgalikda ishlash zarurligi belgilab olindi.

Deputat shu kuni tumandagi 1-sonli umumta’lim maktabida “Yashil makon” loyihasi doirasida “Men ham ko‘chat ekaman” aksiyasida ishtirok etdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA