Demokratiya mezoni
Guliston shahrida xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashiga saylov oʻtkazuvchi viloyat saylov komissiyasi raisi J.Nuritdinov ommaviy axborot vositalari vakillari va siyosiy partiyalar rahbarlari uchun brifing oʻtkazdi.
Saylov – 2019
Guliston shahrida xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashiga saylov oʻtkazuvchi viloyat saylov komissiyasi raisi J.Nuritdinov ommaviy axborot vositalari vakillari va siyosiy partiyalar rahbarlari uchun brifing oʻtkazdi.
“Yangi Oʻzbekiston: yangi saylovlar” shiori ostida oʻtgan brifingda viloyat saylov komissiyasi aʼzolari, ommaviy axborot vositalari vakillari, siyosiy partiyalarning rahbarlari ishtirok etdi.
Brifingda joriy yilning 22-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarga boʻlib oʻtadigan saylovlarga viloyatda saylov kampaniyasi targʻiboti boshlangani, endilikda ommaviy axborot vositalari va siyosiy partiyalar oldida bajarilishi lozim boʻlgan muhim vazifalar turgani, saylovlar oldi targʻibot ishlarida xolislikni taʼminlash, adolat mezonlari asosida faoliyat yuritish lozimligi alohida taʼkidlandi.
– Sirdaryo viloyatida Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylov oʻtkazuvchi 4 ta, xalq deputatlari viloyat Kengashiga saylov oʻtkazuvchi 50 ta, shahar Kengashlariga saylov oʻtkazuvchi 80 ta, tuman Kengashlariga saylov oʻtkazuvchi 240 ta, jami 370 ta saylov okrugi hamda 381 ta saylov uchastkalari tuzish, ularning chegaralari va markazlarini belgilash ishlari Saylov kodeksi talablari asosida amalga oshirilmoqda, – deydi xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashiga saylov oʻtkazuvchi viloyat saylov komissiyasi masʼul kotibi Faxriddin Abdusattorov. – Saylov komissiyalariga jami 6 ming 750 nafar aʼzo qamrab olinadi.
Bu yilgi saylovlarda viloyatdan 509 mingga yaqin saylovchi ishtirok etishi kutilmoqda. Ularning 17 ming 600 nafari bu yilgi saylovlarda birinchi marta oʻzlari munosib deb bilgan nomzodga ovoz beradilar.
Viloyatdagi 4 ta okrug saylov komissiyasining barcha aʼzolari Toshkentda saylovlarni oʻtkazish yuzasidan maxsus oʻquv kurslarida malaka oshirib keldi. Ayni paytda viloyatda respublika Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilangan trenerlar tomonidan uchastka saylov komissiyasi aʼzolari oʻquvlari olib borilmoqda.
– Biz juda muhim siyosiy jarayon oldida turibmiz va bu yilgi saylovlar – “Yangi Oʻzbekiston: yangi saylovlar” shiori ostida oʻtkazilishini alohida taʼkidlagan boʻlar edim, – deydi xalq deputatlari viloyat Kengashiga saylov oʻtkazuvchi viloyat saylov komissiyasi raisi, viloyat adliya boshqarmasi boshligʻi Jamshidxon Nuritdinov. – Bu yilgi saylovlarda ishtirok etishi kutilayotgan xorijiy ekspert va kuzatuvchilar saylov jarayonida toʻliq missiyani amalga oshirishi maʼlum qilindi. Bu har birimizdan boʻlajak saylovlarga alohida tayyorgarlik koʻrishimizni, demokratik jamiyat qurish yoʻlidan astoydil borayotganimizni namoyon eta bilishni talab etadi.
Shuningdek, brifingda saylovning yuqori darajada oʻtishida jurnalistlarning faolligi muhim ahamiyatga egaligi alohida taʼkidlanib, saylov jarayonlari va unga tayyorgarlik ishlarini yoritish hayotiy faktlar bilan atroflicha tushuntirib berildi.