Davlat bayrog‘i – mustaqillik timsoli
Davlat ramzlari har bir xalqning mustaqilligi, ozodligi, tinchligi va barqarorligi timsoli hisoblanadi.
Navoiy viloyati Karmana tumani markazida O‘zbekiston Respublikasining “Davlat bayrog‘i to‘g‘risidagi” qonuni qabul qilinganligining 29 yilligiga bag‘ishlab “Yangi O‘zbekiston – yangicha dunyoqarash” shiori ostida “O‘zbekiston bayrog‘i – mustaqillik timsoli” mavzusida madaniy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Davlat ramzlari har bir xalqning mustaqilligi, ozodligi, tinchligi va barqarorligi timsoli hisoblanadi. Davlatimiz bayrog‘i o‘zida butun O‘zbekiston xalqining g‘ayrati va shijoatini mujassam etgan. Bu yil 18 noyabr kuni “Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinganligiga 29 yil to‘ladi.
Tadbirda Vatanimiz bayrog‘i va uning ramzi bugungi O‘zbekiston sarhadida qadimda mavjud bo‘lgan davlatlar bilan tarixan bog‘liqligini anglatishi hamda respublikaning milliy-madaniy an’analarini o‘zida mujassamlashtirganligi, yurtimiz dunyo hamjamiyatining teng huquqli a’zosi sifatida butun dunyoga tanilayotganligi, bayrog‘imiz BMT bosh qarorgohi oldida hilpirab mamlakatimizning quch-qudratini namoyon etayotganligi haqida so‘z yuritildi. Zero, Davlat bayrog‘i O‘zbekiston Respublikasi davlat suverenitetining ramzidir.

¬ Vatan bayrog‘iga e’tibor, unga hurmat ko‘rsatish va qadrlash zamirida avvalom bor vatanparvarlik tuyg‘ulari yotadi. Va u yoshlar tarbiyasida muhim o‘rin egallashi bilan ahamiyatlidir, – deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi Navoiy viloyati bo‘limi boshqaruvi raisi Faxriddin Soliyev.
Tadbirda tumanda joylashgan harbiy qismda namunali xizmat qilayotgan o‘n nafar askar “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi va Karmana tuman hokimligi nomidan ”Tashakkurnoma” va esdalik sovg‘alari bilan rag‘batlantirildi.

Tadbir davomida davlat bayrog‘i o‘rnatilgan yengil avtomashinalar ishtirokida xalqaro ahamiyatga ega M-37 avtomagistral yo‘li bo‘ylab avtomarafon o‘tkazildi. Ularni “Do‘rmon” qishlog‘ida otliq chavondozlar qarshi oldi.
Harbiylar va “Jasur o‘g‘lonlar” guruhi chiqishlari, tuman madaniyat bo‘limi tomonidan tayyorlangan konsert dasturi tadbirga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.

Abduvali BO‘RIEV, O‘zA