Dauranbek Kdirbayev: Suvni tejashni milliy qadriyatga aylantirish vaqti keldi
Munosabat
Bugun Qozog‘iston Respublikasining Ostona shahrida o‘z ishini boshlagan Mintaqaviy ekologik sammit (RES–2026) Markaziy Osiyo mintaqasida ekologik barqarorlikni ta’minlash, iqlim o‘zgarishiga moslashish hamda tabiiy resurslardan oqilona foydalanish masalalariga bag‘ishlangan nufuzli xalqaro platforma hisoblanadi. Sammit doirasida davlatlar, xalqaro tashkilotlar, moliyaviy institutlar va ekspertlar ishtirokida mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirish, amaliy tashabbuslarni ilgari surish va muvofiqlashtirilgan yondashuvlarni shakllantirish masalalari muhokama qilinadi.
Suv xo‘jaligi vazirligining Suv tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish boshqarmasi boshlig‘i Dauranbek Kdirbayev mazkur sammit mazmun-mohiyati, ayniqsa, kun tartibida suv resurslarini boshqarish masalalariga ham alohida e’tibor qaratilayotgani haqida O‘zA muxbiriga intervyu berdi:
– Mintaqaviy ekologik sammitning o‘tkazilishi davlatlar o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlash va unda tahlil qilinadigan masalalar yuzasidan birgalikda harakat qilish uchun muhim muloqot maydoni hisoblanadi. Xususan, bunda transchegaraviy suv hamkorligini rivojlantirish, suv taqchilligi sharoitida resurslardan samarali foydalanish, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, irrigatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish, raqamli monitoring va hisobga olish tizimlarini kengaytirish kabi yo‘nalishlar ustuvor ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, Orol dengizi havzasidagi ekologik vaziyatni yaxshilash, suv-energetika muvozanatini ta’minlash hamda iqlim o‘zgarishining suv resurslariga ta’sirini kamaytirishga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar muhokama qilinishi nazarda tutilgan.
Bugun mamlakatimiz suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish masalasida mintaqa davlatlariga o‘rnak bo‘lmoqda. So‘nggi yillarda O‘zbekistonda suv resurslaridan samarali foydalanish, ayniqsa, qishloq xo‘jaligida suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. “O‘zbekiston-2030” strategiyasida ham mavjud 4,3 million gektar sug‘oriladigan maydonlarning barchasida bosqichma-bosqich suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish asosiy vazifa sifatida belgilangan.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida ham ushbu masalaga e’tibor qaratib, 2026-yilda suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish tadbirlariga jami 3 trillion 300 milliard so‘m yo‘naltirilishini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, mamlakatimizda 2019-yildan boshlab suv tejovchi texnologiyalarni joriy etganlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmi yo‘lga qo‘yilgani, jumladan, subsidiyalar ajratilayotgani o‘zining ijobiy samarasini bermoqda. Natijada fermer va dehqonlarimiz o‘rtasida suv tejovchi texnologiyalarning tomchilatib, yomg‘irlatib, diskret usulda sug‘orish yo‘llari tobora ommalashib bormoqda. Bunga birgina misol, 2019-2025-yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda 664 ming gektarda tomchilatib, 124 ming gektarda yomg‘irlatib, 73 ming gektarda diskret sug‘orish texnologiyalari joriy qilindi. Bundan tashqari, 124 ming gektar maydonlar egiluvchan quvur orqali va egatga plyonka to‘shab sug‘orildi hamda 1,6 million gektar maydonlar lazer uskunasi yordamida tekislangani fikrimiz isbotidir.
Joriy yilning 3-fevral kuni davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev huzurida suv resurslaridan samarali foydalanishni ta’minlash hamda suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish yuzasidan taqdimot o‘tkazildi. Taqdimotda ishlar qamrovini yanada kengaytirish bo‘yicha yangi takliflar ko‘rib chiqildi. Jumladan, 2028-yilga qadar suv tejovchi texnologiyalarni 930 ming gektar yerda o‘rnatib, bunday maydonlarni 3,5 million gektarga - jami sug‘oriladigan yerlarning 80 foiziga yetkazish rejalashtirilgan.
Darhaqiqat, suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish orqali tejalgan suv resurslari suv ta’minoti og‘ir hududda joylashgan fermerlarga kafolatli yetkazib berilishiga zamin yaratadi. Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, bu yo‘nalishdagi islohotlar yanada izchil davom ettirilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-fevraldagi "Suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq qishloq xo‘jalik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar uchun yangi tartib va imtiyozlar joriy etilmoqda. Unga ko‘ra, 2026-2028-yillarda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan maydonlar hajmini 3,5 million gektarga yetkazish asosiy maqsadli ko‘rsatkich sifatida belgilangan. Bunda 220 ming gektar maydonda tomchilatib sug‘orish, 110 ming gektar maydonda yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalarini joriy qilish, 600 ming gektar maydonni lazerli tekislash ko‘zda tutilgan.
2026-yilda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish uchun tijorat banklari tomonidan 2,6 trillion so‘m kredit mablag‘lari ajratiladi hamda davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash maqsadida 800 milliard so‘m subsidiya mablag‘lari yo‘naltiriladi. Suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish va undan foydalanish bo‘yicha Xitoyning Shinjon tajribasi asosida mutaxassis kadrlar malakasini tizimli oshirish yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yetishtirishda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangi tartibi tatbiq etiladi. Unga asosan 2027-yildan boshlab har yili suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi va subsidiyalar sug‘oriladigan yer maydonlarining suv bilan ta’minlanganlik holatidan kelib chiqib belgilanadi. Shuningdek, suv bilan barqaror ta’minlanmagan hududda joylashgan maydonlarda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilinganda, ajratiladigan subsidiyalarga 1,25 oshiruvchi koeffitsiyent qo‘llaniladi.
2026-yil 1-apreldan boshlab suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan va davlat byudjetidan subsidiya ajratilgan yer maydonlarida ushbu texnologiyalardan foydalanmasdan an’anaviy usulda sug‘orish suvdan o‘zboshimchalik bilan foydalanish deb baholanadi va foydalanilgan har ming metr kub suv uchun belgilangan tartibda moliyaviy sanksiyalar qo‘llaniladi.
Sohada kadrlar salohiyatini oshirish dolzarb masala bo‘lib qolmoqda. Davlatimiz rahbari huzurida bo‘lib o‘tgan taqdimotda ilg‘or xorijiy tajribani inobatga olgan holda kadrlar tayyorlash va malaka oshirish rejalari ham muhokama qilindi. Jumladan, "Suvchilar maktabi" loyihasi doirasida joriy yilda 10 mingta fermer xo‘jaligi xodimlarining malakasi oshiriladi, 358 nafar suv xo‘jaligi xodimi malaka oshirish uchun xorijga yuboriladi.
Qarorga ko‘ra, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi va "Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti" milliy tadqiqot universiteti birgalikda 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish va foydalanish bo‘yicha yuqori malakali kadrlar tayyorlash hamda mutaxassislar malakasini tizimli oshirish choralarini ko‘radi.
Muxtasar aytganda, respublikamizda suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanishni ta’minlash, suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etishni qo‘llab-quvvatlash hamda rag‘batlantirish, shuningdek, ushbu yo‘nalishdagi iqtisodiy islohotlarni izchil chuqurlashtirish ishlari yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Endilikda suvdan faqat resurs sifatida emas, balki uni asrash, tejash va har tomonlama samarali boshqarish ustuvor vazifaga aylanishi zarur. Bugun suvni tejash madaniyatini shakllantirish va uni milliy qadriyat darajasiga olib chiqish vaqti kelganini ta’kidlash o‘rinli.
O‘zA muxbiri
Nasiba Ziyodulayeva
yozib oldi.