DARYA loyihasi doirasida Yevropaning ilg‘or modellari o‘rganilmoqda
Zamonaviy mehnat bozorida katta o‘zgarishlar bo‘layotgan bir paytda, ta’lim tizimi ham ushbu o‘zgarishlarga moslashishi, yangi ko‘nikmalarni shakllantirish va mavjud malakalarni takomillashtirishi zarur.
Shu nuqtai nazardan, DARYA loyihasi doirasidagi xalqaro seminar O‘zbekiston uchun muhim strategik ahamiyatga ega tashabbus sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Mazkur seminar “Milliy malaka tizimida institutsional rivojlanish va zamonaviy boshqaruv modellari” mavzusiga bag‘ishlangan bo‘lib, u European Training Foundation tomonidan amalga oshirilayotgan DARYA loyihasi doirasida tashkil etildi. Tadbir Milliy malaka tizimini rivojlantirish instituti tomonidan UNESCO hamda xalqaro hamkorlar bilan birgalikda o‘tkazilmoqda.
Tadbir davomida ko‘tarilayotgan masalalar keng qamrovli va tizimli yondashuvni aks ettiradi. Xususan, milliy malaka tizimining hozirgi holatini chuqur tahlil qilish, mavjud muammolarni aniqlash va ularning yechimlarini ishlab chiqish muhim yo‘nalishlardan biri.
Shu bilan birga, VNFIL mexanizmlarini joriy etish masalasi alohida e’tiborga olinmoqda. Bu yondashuv fuqarolarning rasmiy diplomga ega bo‘lmasdan turib ham o‘z ko‘nikmalarini tasdiqlash imkonini beradi va bandlik darajasini oshirishda muhim rol o‘ynaydi.
[gallery-28793]
Shuningdek seminar doirasida tarmoq kengashlarining roli, ish beruvchilar va ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish masalalari muhokama qilinmoqda. Ayniqsa, mikromalakalar, ya’ni qisqa muddatli, aniq maqsadlarga yo‘naltirilgan ta’lim shakllarini joriy etish bugungi kun talablariga to‘liq javob beruvchi innovatsion yechim sifatida qaralmoqda.
Seminarning yana bir muhim jihati, xalqaro hamkorlik platformasi sifatida tashkil etilganida. Unda O‘zbekistonning turli vazirlik va idoralari, ish beruvchilar, malaka baholash markazlari bilan bir qatorda, xalqaro ekspertlar va donor tashkilotlar vakillari ishtirok etmoqda.
Xususan, Italiya va Irlandiya tajribasining taqdim etilishi O‘zbekiston uchun ilg‘or Yevropa amaliyotlarini o‘rganish va moslashtirish imkonini yaratadi.
DARYA loyihasi doirasida o‘tkazilayotgan ushbu xalqaro seminar O‘zbekistonning milliy malaka tizimini modernizatsiya qilish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri.
U ta’lim va mehnat bozori o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni mustahkamlash, xalqaro tajribani joriy etish va eng asosiysi inson kapitalini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Dildora DO‘SMATOVA, Farhod Abdurasulov (surat), O‘zA