Dala ishlari qizg‘in pallaga kirdi
Sardoba tumanida joriy yil paxta hosili uchun 11,5 ming gektar maydonga chigit ekish ishlariga start berildi. Shundan 7 ming gektar maydonda zamonaviy intensiv texnologiyalar asosida Xitoyning “Shinjon” usulini joriy etish rejalashtirilgan.
Mavsum boshlanishi munosabati bilan “Qo‘shchinor tong maysasi” fermer xo‘jaligida ko‘rgazmali seminar tashkil etildi. Unda viloyat hokimi o‘rinbosari Abror Xidirov, tuman hokimi Ziyodulla Karimov, soha mutaxassislari, fermerlar va klaster rahbarlari ishtirok etishdi. Mutaxassislar tomonidan chigitni agrotexnik talablar asosida, ayniqsa, maqbul muddatlarda sifatli ekish, yerni to‘g‘ri tayyorlash, mineral o‘g‘itlardan samarali foydalanish hamda yuqori hosildorlikka erishish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.


Tadbir doirasida milliy qadriyatlarga muvofiq dehqonlar mehnatiga baraka, yurtga tinchlik va dasturxonlarga to‘kinlik tilab, duolar qilindi.

Ayni paytda tumanda oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilmoqda. Fermer xo‘jaliklari bilan bir qatorda aholi tomorqalarida ham kartoshka ekish jarayonlari uyushqoqlik bilan tashkil etilmoqda. Yer maydonlaridan samarali foydalanish, ertagi hosilni kafolatlash va ichki bozorni barqaror ta’minlash maqsadida agrotexnik tadbirlarga alohida e’tibor qaratilmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA