"Ctrl+Art" ko‘rgazmasi - yoshlarning jo‘shqin ijodini namoyish etadi
Tinib-tinchimaslik, izlanish, g‘ayratu shijoat – yoshlikka xos fazilatlar. O‘zbekiston Tasviriy san’at galereyasida Yoshlar kuniga bag‘ishlab tashkil etilgan ajoyib ko‘rgazma ham yoshlarning xayoloti, ijodiy izlanishi cheksiz ekanini yana bir karra namoyish etdi.
Mazkur madaniy-ma’rifiy loyiha yosh rassomlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga o‘z ijodini namoyon etish va jamoatchilik bilan muloqot qilish imkonini yaratdi.
Raqamli davr, urbanizatsiya, klipli tafakkur va tasviriy san’at uchun mo‘ljallangan matoda aks etgan turfa bo‘yoqlar... Agar bular bir makonda birlashsa, nima yuz beradi? Ana shu kesishuv nuqtasida Ctrl+Art — an’anaviy san’at yangi voqelik bilan to‘qnashib, yangi shakl va mazmun kasb etadigan hudud sifatida namoyon bo‘ladi.

Ko‘rgazmada ishtirokchilar raqamli muhit ta’siri, shahar madaniyati va tezkor axborot oqimi sharoitida inson tafakkuridagi o‘zgarishlarni tadqiq etishga harakat qilganlari yaqqol seziladi. Klassik tasviriy vositalar zamonaviy g‘oyalar bilan uyg‘unlashib, yangi vizual ifoda shakllarini yaratadi.

Ushbu ijodiy loyiha yosh rassomlarning ijodiy izlanishlarini birlashtirib, ularning shaxsiy qarashlari, ichki kechinmalari va ijtimoiy pozitsiyasini namoyon etadi.
Yosh mualliflar turli texnika va materiallar bilan muayyan mavzuga erkin yondashib, o‘z dunyoqarashini dadil ifoda etgani diqqatga sazovor.

Ko‘rgazmada S.Erkinov, D.To‘xtaqulov, A.Grigoryans, R.Alimova, T.Lashenov, Y.Sattorov, K.Hazratqulov, T.Bismaxova kabi 50 dan ziyod yosh rassomning 200 ga yaqin asari namoyish etilmoqda.

“Ctrl +Art” ko‘rgazmasi yangi avlod san’atining impulsi demak. Ko‘rgazma 2026-yil 25-iyuliga qadar davom etadi.
Nazokat Usmonova,
Farhod Abdurasulov (surat),
O‘zA muxbirlari