Chortoqda yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik qizg‘in
FOTOREPORTAJ
Yangi o‘quv yili arafasida Namangan viloyatida ta’lim muassasalarini o‘quv jarayoniga tayyorlash, o‘quvchilar uchun munosib sharoit yaratish borasida zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, maktab ostonasiga ilk bor qadam qo‘yayotgan bolajonlarni “Bilimlar kuni”da munosib kutib olishga alohida e’tibor qaratilyapti.
2026/2027 o‘quv yilida Chortoq tumanidagi 60 ta umumiy o‘rta va nodavlat ta’lim tashkilotida 4 ming 436 nafar bolani birinchi sinfga qabul qilish rejalashtirilgan.
Ayni kunlarda ta’lim muassasalarida yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ishlari qizg‘in davom etmoqda. Xususan, 53-umumiy o‘rta ta’lim maktabida amalga oshirilayotgan ishlar nuroniylar, ustozlar, ota-onalar va keng jamoatchilik vakillari ishtirokida o‘rganildi.
[gallery-30977]
Tashrif davomida birinchi sinfga qabul qilinadigan o‘quvchilar uchun tayyorlangan “Prezident sovg‘alari” ham ko‘zdan kechirildi. Bolajonlarga taqdim etiladigan sovg‘alar, maktabda yaratilgan sharoitlar va yangi o‘quv yiliga ko‘rilgan hozirlik ishtirokchilarda iliq taassurot qoldirdi.
Muloqotda ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, yosh avlodga sifatli ta’lim berish, ularning bilim va qobiliyatini rivojlantirish uchun yaratilayotgan imkoniyatlar xususida fikr almashildi.
Yangi o‘quv yilini ko‘tarinki kayfiyatda boshlash uchun maktab jamoalari, ota-onalar va jamoatchilik vakillari hamjihatlikda tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Hotam MAMADALIEV(surat),O‘zA