Chora-tadbirlar belgilandi
Sirdaryo viloyati hokimligida viloyat hokimi Erkinjon Turdimov raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda chiqindilarni olib chiqish tizimi tanqidiy ko‘rib chiqildi.
Ijtimoiy tarmoqlar va aholi murojaatlari tahlili ayrim hududlarda xizmat sifati talab darajasida emasligini ko‘rsatdi. Xususan, Guliston va Yangiyer shaharlari, Xovos, Oqoltin hamda Sayxunobod tumanlarida e’tirozlar ko‘paygani ta’kidlandi.

Muhokamada har bir mahalla va ko‘cha bo‘yicha chiqindi olib chiqishning aniq jadvalini ishlab chiqish, uni ochiq e’lon qilish va maxsus texnikaning kelish vaqti haqida aholini oldindan xabardor qilish zarurligi qayd etildi.

Shuningdek, konteynerlar yetishmaydigan nuqtalarni to‘ldirish, poligonlar faoliyatini tartibga solish, hududlarga mas’ullarni biriktirish hamda murojaatlarga tezkor javob berish tizimini kuchaytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Qayd etilganidek, xizmat sifatli yo‘lga qo‘yilgan joylarda aholining to‘lov intizomi ham mustahkamlanadi.
G‘ulom Primov, O‘zA