Chigirtkalar hujumiga qarshi faol kurash: Nazorat kuchaytirildi
Dehqonchilikka jiddiy xavf solayotgan chigirtkalar tarqalishiga qarshi Qoraqalpog‘iston, Buxoro, Navoiy va Xorazmda faol kurashilmoqda. Xususan, Buxoro viloyatida tezkor shtablar va nazorat postlari ishga tushgan.
Chigirtkaning ushbu turi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Navoiy va Xorazm viloyatlarida keng tarqalgan. Buxoro viloyatida Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi (FVB), O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi viloyat boshqarmasi hamda boshqa tegishli tashkilotlar hamkorligida chigirtkalarga qarshi kurash ishlari jadal olib borilmoqda. Xususan, o‘rganishlar davomida Romitan tumanining Gazli shaharchasida keng tarqalgan chigirtka hujumini bartaraf etish bo‘yicha tashkil etilgan tezkor shtab faoliyati o‘rganildi va baholandi. Bundan tashqari, Olot tumani, Jondor va Qorako‘l tumanlarining Qandim massivi hamda boshqa hududlarda chigirtkalarga qarshi olib borilayotgan ishlar bilan tanishib chiqildi.

Shuningdek, hamkorlikdagi tadbirlar rejasi muhokama qilindi. Zararli chigirtkalar tarqalgan hududlarda maxsus texnika va vositalar yordamida amalga oshirilayotgan kimyoviy ishlov berish jarayonlari joyida o‘rganilib, ularning samaradorligiga e’tibor qaratildi. Ta’kidlash joizki, viloyatning chigirtkalar tarqalishi xavfi yuqori bo‘lgan 9 ta tumanida 15 ta nazorat-kuzatuv postlari tashkil etildi. Ushbu postlardan har 4 soatda olingan vaziyat haqidagi ma’lumotlar viloyat shtabiga muntazam taqdim etib borilishi yo‘lga qo‘yilgan.
Dala sharoitida olib borilayotgan ishlarning samaradorligi, xavfsizlik qoidalariga rioya etilishi hamda mavjud kuch va vositalardan oqilona foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Favqulodda vaziyatlar va karantin xizmatlari tomonidan hududlarda zararli chigirtkalarga qarshi kurashish ishlari izchil davom ettirilmoqda.
Sanjar Toshpo‘latov,
Salimjon Obidjonov, O‘zA