Chigirtkaga qarshi kurashda tezkorlik va hamjihatlik muhim omil
Bahor fasli tabiatga go‘zallik va yangilanish olib kirishi bilan birga, qishloq xo‘jaligi uchun ayrim xatarlarni ham yuzaga chiqarayotgani bilan ahamiyatlidir. Ayniqsa, yashillikka burkanayotgan adirlar bag‘rida zararkunandalar – marokash chigirtkalarining ko‘payishi kuzatilmoqda.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, mamlakatimizda chigirtkalarning 200 dan ortiq turi mavjud bo‘lib, har yili ularning 6-8 turiga qarshi tizimli kurash ishlari amalga oshiriladi. Ayniqsa, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari bu borada alohida e’tibor talab etadi.

– Chigirtkalarga qarshi kurashda eng muhim omil bu o‘z vaqtida harakat qilish, – deydi Respublika O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi Chigirtka va tut parvonasiga qarshi kurashish xizmati boshlig‘i Bahodir Xudoyqulov. – Ayni paytda zararkunandalar tuxumdan chiqish bosqichida bo‘lgani uchun kimyoviy ishlovlar yuqori samara bermoqda.

O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilda respublika bo‘yicha 600 ming gektardan ortiq maydonda kimyoviy ishlov berish rejalashtirilgan. Xususan, Qashqadaryo viloyatida 125 ming gektardan ziyod hudud qamrab olinadi.
Ayni paytda hududlarda zararkunandalarga qarshi kurash ishlari izchil tashkil etilmoqda. Jumladan, Chiroqchi tumanining Langar qishlog‘i va unga tutash adirliklarda chigirtkalar ko‘payishi kuzatilib, aholi tomonidan dastlabki choralar ko‘rilgan.

– Bundan bir necha kun oldin cho‘ponlar chigirtkalar uyurini ko‘rganini aytdi, – deydi mahalliy fuqaro To‘raqul Do‘stov. – Shundan so‘ng aholi birlashib, dorilash ishlarini boshladik. Ilgari bunday holatni kam kuzatar edik, shu bois bu yil ancha hushyormiz.
Holat yuzasidan tezkor tarzda tegishli tashkilotlarga xabar berilgani natijasida keng qamrovli ishlar yo‘lga qo‘yildi. Bu esa aholi va mutasaddi idoralar o‘rtasidagi samarali hamkorlikni yana bir bor namoyon etdi.

– Aholidan xabar kelib tushishi bilanoq tegishli idoralarga murojaat qildik, – deydi mahalla raisi Anvar Shoxo‘jayev. – Hozirda qishloqdoshlar bilan birgalikda dorilash ishlarini olib boryapmiz. Hamjihatlik tufayli ish samarali kechmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, tog‘ va tog‘ oldi hududlarda maxsus texnikalar harakatlanishi cheklangani sababli qo‘l mehnati va aholi ishtirokining ahamiyati yanada ortadi. Shu boisdan bugungi kunda kurash ishlarida aholi bilan hamkorlikka alohida e’tibor qaratilmoqda.

– Bu ofatni birgina tashkilot kuchlari bilan bartaraf etish qiyin, – deya ta’kidlaydi Bahodir Xudoyqulov. – Shuning uchun aholi bilan hamkorlikni kuchaytirish, zararkunandalar o‘choqlarini o‘z vaqtida aniqlash muhim ahamiyatga ega.
Shuningdek, jarayonlar raqamlashtirilib, zararlanish o‘choqlarining aniq geolokatsiyasi belgilanmoqda. Bu esa kimyoviy ishlovlarni manzilli va samarali tashkil etish imkonini bermoqda.

Xulosa qilib aytganda, marokash chigirtkalariga qarshi kurashish faqat mutasaddi idoralar emas, balki keng jamoatchilikning hamjihatligini talab etuvchi jarayondir. Ayniqsa, aholi tomonidan tezkor va aniq ma’lumotlar taqdim etilishi bu xavfni qisqa muddatda bartaraf etishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri