Buxoroning yangi qiyofasi xalq manfaati yo‘lidagi bunyodkorlik tashabbuslarida namoyon bo‘lmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10-aprel kuni Buxoro viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va istiqbolli loyihalar bilan tanishdi.
Davlatimiz rahbari Buxoro shahriga tashrifi davomida dastlab Buxoro viloyatining yangi ma’muriy markazida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirdi.
Majmua Qashqadaryo viloyati Ko‘kdala tumanida sinovdan o‘tgan boshqaruv organlarini integratsiyalash tajribasining davomidir. U yerda 38 ta davlat idorasi bir joyda jamlanib, aholi uchun katta qulaylik yaratilgan. Avvallari turli yumush bilan olis masofalarni bosib, boshqa tuman idoralariga qatnagan fuqarolar barcha xizmatlarni o‘ziga yaqin joyda olish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Prezidentimiz o‘tgan yili Ko‘kdalaga tashrifi chog‘ida bunday yondashuv barcha tumanlar uchun namuna ekanini ta’kidlagan edi. O‘tgan davrda boshqa hududlarda ham ushbu tajriba asosida bunyodkorlik ishlari boshlangan.
Xususan, Buxorodagi ma’muriy markaz 14 gektar maydonni egallagan bo‘lib, birinchi bosqichda viloyat va shahar hokimliklari, viloyat prokuratura hamda ichki ishlar boshqarmalari kabi davlat idoralari bir hududda jamlangan. Bu, eng avvalo, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining o‘zaro muvofiqlashuvini yaxshilash, murojaatlar bilan ishlashni tezlashtirish va davlat xizmatlari sifatini oshirishga xizmat qiladi.
Majmua faqat ma’muriy binolardan iborat emas. Bu yerda fuqarolarning mazmunli hordiq chiqarishi uchun xiyobonlar, favvoralar va yashil hududlar barpo etilmoqda.
Prezidentimiz viloyat hokimligining yangi binosidagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.
Odamlarga qulaylik yaratish, fuqarolar turli masalalar yuzasidan har xil manzillarga borib yurmasdan, zarur xizmatlarni bir hududning o‘zida olishini ta’minlash maqsadida davlat idoralarini yagona ma’muriy markazlarga birlashtirish ishlarini izchil davom ettirish zarurligi ta’kidlandi.
Shu yerning o‘zida davlatimiz rahbariga hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholiga yanada qulay shart-sharoitlar yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar taqdimot qilindi.
Jumladan, banklar tomonidan sun’iy intellektdan foydalangan holda hudud va mahallalar kesimida tahlil o‘tkazilib, Buxoro tumani misolida o‘sish nuqtalari aniqlangani haqida axborot berildi. Bu tahlillar yer, suv, mehnat resurslari, bozor talabi, infratuzilma va mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini o‘zaro bog‘liq holda baholash imkonini berdi. Natijada Buxoro tumanida agrobiznes, turizm, sanoat va yo‘l bo‘yi xizmatlari eng istiqbolli yo‘nalishlar sifatida belgilangan.
Xususan, 15 ming gektar yerni o‘zlashtirish, 500 gektar yangi uzumzorlar barpo etish, ekoturizmni kengaytirish, shuningdek, neft-gaz, kimyo, qurilish va oziq-ovqat tarmoqlarida yangi loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari ko‘rsatib o‘tildi. Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, 2026-2031-yillarda ushbu yo‘nalishlarda 7,4 trillion so‘mlik loyihalarni amalga oshirish va 15 mingta yangi ish o‘rni yaratish mumkin.
Shuningdek, tumandagi 36 ta mahallani 6 ta drayver yo‘nalish – uzumchilik, meva-sabzavotchilik, chorvachilik, bog‘dorchilik, turizm va servisga ixtisoslashtirish mumkinligi qayd etildi. Loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishni jadallashtirish maqsadida mahallalar uchun resurs bazasini shakllantirish, biznes-rejalarni avtomatik tayyorlash, mablag‘lar harakati va natijalarni real vaqt rejimida nazorat qilish bo‘yicha sun’iy intellekt asosidagi yechimlar ishlab chiqilmoqda.
Prezidentimiz sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanib, har bir hududning salohiyatini ochish, loyihalarni natijaga qaratilgan holda shakllantirish va aholi bandligi hamda daromadini oshirishga xizmat qiladigan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash muhimligini ta’kidladi.
Shundan so‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoroning tarixiy qismiga tashrif buyurdi.
Davlatimiz rahbari shahar aholisi va mehmonlarini samimiy qutladi.
Buxoroning boy madaniy merosini, tarixiy qiyofasini asrash va uni yanada obod etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida axborot berildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoroga safari chog‘ida shaharning yangi aeroportini barpo etish loyihasi bilan tanishdi.
Mamlakatimizda transport infratuzilmasi izchil rivojlantirilmoqda. Yangi yo‘l va ko‘priklar qurilib, yo‘lovchilarga qulayliklar oshirilmoqda. Qayd etish kerakki, davlatimiz rahbari 2024-yilda Buxoro viloyatiga tashrifi davomida hududning turizm salohiyatini yanada rivojlantirish maqsadida Buxoroning yangi xalqaro aeroportini barpo etish bo‘yicha muhim topshiriq bergan edi.
Ushbu transport inshooti hamda unga tutash infratuzilmani barpo etish uchun shahar tashqarisidan jami 370 gektar yer maydoni ajratilgan. Loyiha doirasida aeroportga olib boruvchi avtomobil yo‘li ham qurilmoqda. Uning umumiy uzunligi 23,8 kilometrni tashkil etib, shundan 2,7 kilometri mutlaqo yangi yo‘l, 21,1 kilometri esa rekonstruksiya qilinadi. Shuningdek, yo‘l bo‘yida 2 ta yo‘l o‘tkazgich, 9 ta yer osti piyodalar o‘tish joyi va 8 ta ko‘prik barpo etilishi nazarda tutilgan.
Loyihaga ko‘ra, yangi aeroportda uzunligi 3,3 kilometr bo‘lgan, barcha turdagi havo kemalarini qabul qilish imkoniga ega uchish-qo‘nish yo‘lagi, shuningdek, soatiga 1200 nafar yo‘lovchiga yuqori darajada xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega aerovokzal majmuasi quriladi.
– Biz Buxoro viloyati aholisi, shuningdek, mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun zamonaviy va qulay xizmat ko‘rsatadigan aeroport barpo etishni maqsad qilganmiz. Shunday ekan, ushbu aeroport jahon standartlari talablariga to‘liq mos bo‘lishi shart, – dedi Prezidentimiz.
Davlatimiz rahbariga Buxoro viloyatining iqtisodiy, investitsiyaviy va turizm salohiyatini oshirishga qaratilgan boshqa qurilish loyihalari haqida ham axborot berildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Buxoroga tashrifi davom etmoqda.
Ziyodulla JONIBEKOV,
Ikrom AVVALBOEV,
Zarif KOMILOV,
O‘zA muxbirlari