Buxoroda mashinadan pul o‘g‘irlandi
Buxoro shahrida avtomashina salonidan pul o‘g‘irligi jinoyati fosh etildi.
Buxoro shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi tomonidan berilgan ma’lumotga ko‘ra, joriy yilning 28 oktyabr kuni soat 13:00 larda noma’lum shaxs Buxoro shahar Ibn Sino mahallasi B.Naqshband ko‘chasida joylashgan Respublika Shoshilinch tez yordam ilmiy markazi Buxoro filialining avtoturargohida qarovsiz qoldirilgan Buxoro tumani Madaniyat mahallasida yashovchi, 1994 yilda tug‘ilgan fuqaro T.Z. (ayol)ga tegishli “Lasetti” rusumli avtomashina eshigini o‘tkir tig‘li jism bilan ochib, avtomashina salonidan 4 mln. 200 ming so‘m pullarini o‘g‘rilab ketgan.
Mazkur holat yuzasidan olib borilgan tezkor texnik, surishtiruv hamda tergov harakatlari davomida ushbu jinoyatni Buxoro shahar Gulchorbog‘ mahallasida yashovchi, 1974 yilda tug‘ilgan fuqaro H.M. sodir qilganligi fosh etilgan.
Hozirda unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 169-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA