Buxoro–Yaponiya: turizmda yangi ufqlar
Bugun dunyoda turizm oddiy sayohatdan ko‘ra kengroq ma’no kasb etmoqda. U xalqlarni yaqinlashtiradi, madaniyatlarni bir-biriga tanishtiradi, yangi iqtisodiy imkoniyatlar yaratadi. Ayniqsa, qadimiy shaharlar va boy tarixiy merosga ega hududlar uchun xalqaro tajriba almashinuvi turizmni taraqqiy ettirishning muhim omilidir.
Shu ma’noda, Buxoro va Yaponiya o‘rtasida turizm sohasida yo‘lga qo‘yilayotgan hamkorlik tobora yangi mazmun bilan boyib bormoqda. Eng muhimi, bu jarayon nafaqat sayyohlik aloqalarini kengaytirish, balki ilm-fan, tajriba va innovatsiyalarni birlashtirishga xizmat qilmoqda.
Yaponiyaning Chiba universiteti professorlari Kosey Yamada va Tasuki Fudzitaning Buxoro viloyatiga tashrifi doirasida viloyat turizm boshqarmasi rahbariyati bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv avvalida mehmonlarga Buxoro viloyatining ulkan turizm salohiyati, qadimiy va noyob tarixiy-madaniy merosi, milliy hunarmandchilik an’analari, ziyorat turizmi, gastronomik turizm hamda hududda turizm qishloqlarini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Ayniqsa, turizm qishloqlarini tashkil etish va ularning salohiyatidan samarali foydalanish masalasi alohida e’tibor markazida bo‘ldi. Zero, bugun sayyoh zamonaviy mehmonxona yoki tarixiy obidani ko‘rish bilan cheklanib qolmaydi. U mahalliy aholi hayoti, urf-odatlari, milliy taomlari, hunarmandchiligi va asrlar davomida shakllangan an’analar bilan yaqindan tanishishni ham istaydi.
Buxoroning aynan shu jihatlari uning turizm salohiyatini yanada oshiradi. E’tiborlisi, Chiba universiteti professor va o‘qituvchilari tomonidan Buxoroning turizm salohiyati hamda turizm qishloqlarini rivojlantirish tajribasi yuzasidan ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Bu esa Buxoroda shakllanayotgan tajriba xalqaro ilmiy doiralarda ham qiziqish uyg‘otayotganidan dalolat beradi.
Muzokaralar davomida turizm sohasida Buxoroda shakllanayotgan “Buxoro tajribasi”ni Yaponiyada qo‘llash imkoniyatlari muhokama qilindi. Shu bilan birga, Yaponiyaning turizm sohasidagi ilg‘or tajribalarini Buxoro viloyati sharoitida joriy etish masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.

Tomonlar turizm sohasida ilmiy-amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish, mutaxassislar o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish, ilmiy izlanishlarni qo‘llab-quvvatlash va istiqbolda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildi.
Bunday hamkorlikning ahamiyati shundaki, u ikki tomonning mavjud imkoniyatlarini bir nuqtada birlashtiradi. Buxoro o‘zining ko‘p asrlik tarixiy merosi va o‘ziga xos turizm tajribasini taqdim etsa, Yaponiya zamonaviy boshqaruv, xizmat ko‘rsatish, turizmni rejalashtirish va innovatsion yondashuvlar borasidagi tajribasi bilan o‘rtoqlashishi mumkin.
So‘nggi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda turizmni iqtisodiyotning strategik yo‘nalishlaridan biriga aylantirish, hududlarning mavjud salohiyatini to‘liq ishga solish, xorijiy sayyohlar oqimini ko‘paytirish, yangi turizm yo‘nalishlarini yaratish va sohada xalqaro hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu siyosat Buxoro misolida yanada yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Qadimiy shaharning tarixiy qiyofasini asrab-avaylagan holda zamonaviy turizm infratuzilmasini rivojlantirish, turizm qishloqlarini tashkil etish, mahalliy aholini turizm jarayonlariga keng jalb qilish, yangi sayyohlik marshrutlarini shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar hududning xalqaro turistik xaritadagi mavqeini yanada mustahkamlamoqda.
Yaponiya kabi taraqqiy etgan davlatning nufuzli universiteti vakillari bilan yo‘lga qo‘yilayotgan ilmiy-amaliy hamkorlik esa ana shu jarayonning mantiqiy davomi sifatida ahamiyatlidir.

Buxoro va Yaponiya o‘rtasidagi munosabatlarning yana bir o‘ziga xos jihati — ikki xalqning tarix va an’analarga bo‘lgan yuksak ehtiromidir.
Buxoro asrlar davomida ilm-fan, ma’rifat va madaniyat markazi sifatida dunyo tamadduniga ulkan hissa qo‘shgan. Yaponiya esa milliy qadriyat va an’analarni asrab, ularni zamonaviy taraqqiyot bilan uyg‘unlashtira olgan mamlakat sifatida butun dunyoda e’tirof etilgan. Ana shu ikki o‘ziga xos tajribaning turizm sohasida birlashishi yangi imkoniyatlarni yuzaga chiqarishi tabiiy.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri