Buxoro viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Munosib e’tirof
Joriy yil oktyabr oyida “Mahallalarda soliq organlari faoliyati” axborot tizimida Buxoro viloyatidagi 544 ta mahallaga biriktirilgan 261 nafar soliq inspektorining samaradorlik ko‘rsatkichi (KPI) – 86,5 ballni tashkil etdi.

Umumiy reytingda 88 nafar soliq inspektorlari 90 balldan yuqori, 9 nafar soliq inspektorlari esa 100 ball samaradorlik ko‘rsatgichlariga erishdi.
Viloyatning eng chekka hududi Olot tumanida faoliyat olib borayotgan soliq inspektori Dilshodbek Sharapov 100 ballilar qatoridan o‘rin oldi. Unga tumandagi Denov, Nurobod hamda Pichoqchi mahallalari biriktirilgan bo‘lib, uning ko‘magi bilan qisqa davrda ushbu mahallarda moliyaviy qiyinchilik tufayli vaqtincha faoliyatini to‘xtatgan 13 ta sub’ektning faoliyati tiklandi.

Dilshodbek Sharapovning bu mehnatlari e’tirof etilib, unga Soliq qo‘mitasi raisining o‘zi tashakkurnoma yo‘lladi.
– Mehnatimning qadrlanishi meni juda ruhlantirdi, – deydi D.Sharapov. – Bu rag‘bat meni yanada tinmay mehnat qilishga, hududdagi barcha soliq to‘lovchilar bilan birgalikda faol bo‘lishga, yangi ish o‘rinlarini yaratishga ilhomlantiradi.
Tadbirkorlar soni ortmoqda
Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosarlari tomonidan “Bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimidan foydalanayotgan tadbirkorlar faoliyati muntazam o‘rganilmoqda. Navbatdagi sayyor o‘rganishlar doirasida yoqilg‘i ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyati o‘rganildi.


Tahlillarga ko‘ra, “ISOMER OIL” MCHJ korxonasi xorijdan xomashyo mahsulotlarini import qilib, ularni “Bojxona hududida qayta ishlash” rejimi orqali eksport salohiyatini yuksaltirib kelmoqda. Korxona joriy yilning o‘tgan davri davomida 10,5 million AQSH dollari miqdoridagi mahsulotlarni import qilishi natijasida, 17 million dollardan ortiq qiymatdagi yuqori markali benzin mahsulotlarini xorijga eksport qilishga erishgan.
Uchrashuv davomida bojxonachilar korxona vakillariga “Bojxona hududida qayta ishlash” rejimining afzalliklarini tushuntirdi.
“Kambag‘allikdan farovonlik sari”
Mamlakatimizda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan islohotlar qorako‘llik ayollar uchun ham imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Tuman hokimi Xurshid Tohirov sektor rahbarlari bilan birgalikda tumandagi ijtimoiy himoya reyestrida turuvchi, bir guruh xotin-qizlarga subsidiya asosida zamonaviy tikuv mashinalari hamda elektr pechlarni topshirdi.


– Tikuv-bichuv ishlariga ancha uquvim bor, – deydi zamonaviy tikuv mashina olganlardan biri. – Ammo, tikuv mashinam eskiligi sabab, buyurtmalarni o‘z vaqtida bajarishga imkon yo‘q edi. Yangi zamonaviy tikuv mashinasi berilgani sabab ishimda unum bo‘lmoqda va oilamiz daromadi ham oshdi.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri