Buxoro viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Yangi maktab qurish muammosi deputat tomonidan hal etildi
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-Demokratik partiyasidan Oliy Majlis Qonunchilik Palatasiga saylangan deputat Shuhrat Bafoyev va G‘ijduvon tumani Xalq qabulxonasi mudiri U.Halimov Baraka MFY, Yangiyer qishlog‘ida bo‘lib, aholi bilan uchrashdi.

Muloqotda aholini qiynab kelayotgan boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun maktab qurish muammosi haqida so‘z bordi. So‘ng 2022 yil Davlat dasturi asosida Yangiyer qishlog‘i hududidan ana shunday maktab qurib berilishi tushuntirildi.
Uchrashuvda 6 ta murojaat qabul qilindi. Ichki yo‘llarni ta’mirlash, simyog‘ochlarni yangilash, gaz balon masalalaridagi muammolar ko‘rib chiqish uchun qo‘shimcha muddat talab qilganligi sababli tumanning tegishli tashkilotlariga topshiriq sifatida berildi.

So‘ng xalq noibi «Yashil makon» umummilliy loyihasida qatnashib, manzarali ko‘chatlar o‘tqazdi.
Dillarni shod etish – savobli ish
O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi Buxoro viloyati Kengashi tomonidan “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan bolalar uchun internat uylaridagi bolajonlar holidan xabar olindi.
Bolajonlar uchun sport musobaqasi tashkil qilindi. So‘ng konsert dasturi namoyish etildi.
«Yashil makon» aksiyasi doirasida muassasa hududida mevali va manzarali ko‘chatlar o‘tqazildi.

Maqsad, korrupsiyaga qarshi murosasizlikni shakllantirishdir
Viloyat davlat soliq boshqarmasida «9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni» munosabati bilan «Ochiq eshiklar kuni» bo‘lib o‘tdi.
Tadbir «Korrupsiya – rivojlanishimizga to‘siq» shiori ostida viloyat prokuraturasi hamda Davlat xavfsizlik xizmatining viloyat boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazildi.
Dastlab soliq xizmati organlari xodimlarining «Soliqchi tadbirkorga ko‘makchi» tamoyili asosida yo‘lga qo‘yilgan faoliyati bilan yaqindan tanishildi. Tizimdagi yangiliklar haqida so‘z bordi.
Shuningdek, soliq idoralariga ishga kirish tartibi haqida batafsil ma’lumot berildi. Davlat soliq xizmati organlariga ishga qabul qilish faqat Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi (ARGOS) portali orqali ochiq, mustaqil tanlov asosida amalga oshirilayotganligi qayd etildi.
Zarif Komilov, O‘zA