Buxoro markaziy bozorida press-tur
Buxoro markaziy dehqon bozorida ommaviy axborot vositalari va blogerlar uchun matbuot anjumani va press-tur tashkil etildi. Unda viloyatda faoliyat yuritayotgan jurnalistlar, blogerlar hamda sohaning turli yo‘nalishdagi mutaxassislar ishtirok etdi.
Tadbirda bozor rahbariyati tomonidan 2024 yil yakunlari va 2025 yilning dastlabki besh oyi davomida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar hamda rejalar haqida batafsil axborot berildi. Shuningdek, jurnalist va blogerlar savollariga asosli javoblar berildi.
“Buxoro markaziy dehqon bozori” AJ Buxoro viloyat hokimining 2007 yil 9 noyabrdagi tegishli qaroriga muvofiq 11,44 gektar yer maydonida faoliyat yuritib keladi. Ustav kapitalining 79,24 foizi Buxoro shahar hokimligiga, 20,76 foizi esa erkin savdo sub’ektlariga tegishli. Jami pavilondagi rastalar 962 ta, turg‘un savdo shoxobchalari soni esa 780 tani tashkil etadi.
[gallery-23502]
Ta’kidlash joiz, bugungi kunda bozor hududida keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari amalga oshirilgan. Jumladan, tadbirkorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratilib, tijorat joylarida soya-salqin ustunlar qurilishi bo‘yicha loyiha amalga oshirildi. Asfalt qoplamalari yangilanib, harakat xavfsizligi ta’minlandi. Sotuvchilar uchun qulaylik yaratish bilan birga, xaridorlar uchun ham munosib sharoit hozirlash ishlari davom etmoqda. Shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlari bilan savdo qiluvchi rastalar sanitariya va sifat talablari asosida qayta tashkil etildi.
– 2024 yil yakunlariga ko‘ra, jami daromad 14,1 milliard so‘mni tashkil etdi. Sof foyda miqdori 382,2 million so‘mga yetdi. Bu ko‘rsatkichlar bozorda amalga oshirilayotgan islohotlar, samarali boshqaruv va tadbirkorlar uchun yaratilayotgan qulay muhit natijasidir. Bunday ochiq muloqot jamoatchilikni o‘z vaqtida xabardor qilib borish, tanqid va takliflarga ochiq bo‘lishni maqsad qilganmiz, – deydi “Buxoro markaziy dehqon bozori” AJ direktori M.Radjabov.
Press-tur davomida ommaviy axborot vositalari vakillari, jamoatchilik va mutaxassislar mavjud sharoitlar va amalga oshirilayotgan loyihalarga ijobiy baho berdi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.