Bundan keyin uylar «korobka» holatida topshirilmaydi
Endilikda yangi qurilayotgan yangi turar joylar aholiga “korobka” holatida sotilmaydi.
Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Adminstratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Qurilish vazirligi tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Qurilish vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Hidoyatovning ta’kidlashicha, aholiga yanada qulay shart-sharoit yaratish maqsadida turar joylar qurilishiga oid normativlarga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi. Ya’ni, bundan keyin uylar «korobka» holatida topshirilmaydi. Bu tartib-tamoyil 3 oydan keyin – joriy yil aprelidan kuchga kiradi.
Pudrat tashkilotlari tomonidan qurib topshirilayotgan barcha uylarning 100 foiz devorlari, kommunikatsiya tarmoqlari tortilgan bo‘ladi.
Bu yil Sirdaryo tajribasidan kelib chiqib, arzon uy-joylar qurilishi belgilangan. 2021 yilda mamlakat bo‘ylab 500 ta 5 qavatli bir pod’ezdli turar joy quriladi. Arzon uy-joylar qurilishida aholining oylik maoshi va qolgan barcha jihatlar hisobga olinadi. Hozirda bu uylar uchun yer tanlash ishlari olib borilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA