Bugungi sarmoya ertangi iqtisodiyotning mustahkam poydevori
Bugungi kunda yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish va aholi bandligini ta’minlashda investitsiya loyihalarining aniq natijaga yo‘naltirilgani, yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanish va tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash dolzarb vazifalardan biri sifatida belgilangan.
Shu maqsadda Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev, Bosh prokuror o‘rinbosari Dilmurod Qosimov hamda mutasaddilar Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq, O‘rta Chirchiq va Quyi Chirchiq tumanlarida bo‘lib, amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarini o‘rgandi.
Asosiy e’tibor investitsiyalarni o‘zlashtirish samaradorligi, ishlab chiqarish hajmini oshirish, yangi quvvatlarni ishga tushirish va aholi uchun munosib ish o‘rinlari yaratish masalalariga qaratildi. Xususan, O‘rta Chirchiq tumanidagi “Saidovul” kichik sanoat zonasida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishildi.

Bu yerda “Chemplant” korxonasi tomonidan zamonaviy bo‘yoq va qoplama materiallari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan loyiha shulardan biridir. Uning amalga oshirilishi nafaqat yangi ishlab chiqarish quvvatini yaratish, balki ichki bozorni sifatli mahalliy mahsulotlar bilan ta’minlash, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar tayyorlash imkonini ham kengaytiradi. Mutasaddilar korxonaning ishlab chiqarish salohiyati, texnologik imkoniyatlari, yangi ish o‘rinlari yaratish rejalari bilan tanishib, ish jarayonlarida zamonaviy va ekologik xavfsiz texnologiyalardan foydalanish masalalariga e’tibor qaratdi.
Yuqori Chirchiq tumanida esa “Orbis Estate” korxonasi tomonidan xorijiy mablag‘lar asosida amalga oshirilayotgan loyiha holati o‘rganildi. Bu yerda ishlarni belgilangan muddatlarda yakunlash, investitsiya loyihasining istiqboldagi ko‘rsatkichlarini ta’minlash hamda yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha rejalar muhokama qilindi. “Humo Savdo Plus” korxonasi faoliyatida ham ishlab chiqarishni kengaytirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Korxonada gofrlangan qadoqlash mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish, ichki bozor ehtiyojini mahalliy mahsulotlar hisobiga qondirish va eksport ko‘lamini kengaytirish imkoniyatlari tahlil qilindi.

O‘rganishlar davomida investitsiya loyihalarini faqat qog‘ozdagi ko‘rsatkichlar bilan emas, balki ularning amaldagi natijasi, ya’ni ishlab chiqarish hajmi, yaratilgan ish o‘rinlari, mahalliylashtirish va eksport salohiyati orqali baholash zarurligi ta’kidlandi. Aniqlangan masalalarni bartaraf etish, tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash, loyihalarni belgilangan muddatlarda ishga tushirish va mavjud ishlab chiqarish quvvatlaridan samarali foydalanish bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Zero, bugungi investitsiya ertangi ishlab chiqarish, yangi ish o‘rni va hudud iqtisodiyotining yanada mustahkam poydevoridir.
A.Musayev, O‘za