Bugun Abduqodir Husanov to‘p tepayotgan "Manchester Siti" "Arsenal"ga qarshi bahs olib boradi
Bugungi bellashuv Toshkent vaqti bilan soat 20:30da start olishi rejalashtirilgan.
Bugun Angliya Premyer-ligasining 33-tur bahslari davom ettiriladi. Hamyurtimiz Abduqodir Husanov to‘p tepayotgan "Manchester Siti" jamoasi o‘z maydonida chempionlik poygasidagi raqobatchisi Londonning "Arsenal" klubini qabul qiladi. Ushbu bellashuv har ikki jamoa uchun ham muhim hisoblanadi. Sababi agar uchrashuvda "shaharliklar" g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, oradagi farqni 3 ochkogacha qisqartirib oladi. Bundan tashqari, ularda bitta zaxira o‘yini ham mavjud. Agarda o‘yin "kanonirlar" foydasiga hal bo‘ladigan bo‘lsa, unda londonliklar chempionlik uchun katta qadam tashlagan bo‘ladi. Bu ikki jamoaning birinchi davradagi o‘yiniga nazar tashlaydigan bo‘lsak, "Emireyts"da bo‘lib o‘tgan o‘yin 1:1 hisobidagi durang bilan yakuniga yetgan. Jamoalar Angliya Liga kubogi finalida ham o‘zaro to‘qnash kelgan edi. O‘sha bahsda "shaharliklar" Niko O’Raylining dubli evaziga g‘alaba qozonib, chempionlikni tantana qilgan.
Bugungi bellashuv Toshkent vaqti bilan soat 20:30da start olishi rejalashtirilgan.