Bozorlar to‘kinligi yurtning tinch va boyligidan dalolatdir
Xalqning farovonligini oshirish yuzasidan olib borilayotgan izchil islohotlarda fermerlarning o‘rni beqiyos. Ayniqsa, yer egalarining oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ilgari surayotgan yangi tashabbus va g‘oyalari bozorlarimiz arzonligi va dasturxonlarimiz to‘kinligiga xizmat qilmoqda.
Yerdan foydalanishda bozorga xos bo‘lgan yondashuvlarni Buxoro viloyati Peshku tumanidagi “Limonchilik ravnaqi” fermer xo‘jaligining ish tajribasida ham ko‘rish mumkin. Bu yerda serhosil, eksportbop meva navlari parvarishi bilan uyg‘un ravishda bog‘ qator oralarida servitamin oziq-ovqat mahsulotlar ham yetishtirilmoqda.
Fermer Nusrat Sayidov qishloq xo‘jaligi ilmini puxta o‘zlashtirib, o‘z faoliyatida yangi innovatsiyalarni yo‘lga qo‘ymoqda. Sir emaski, bugun agrar sohada eskilik o‘rnini yangilik egallamoqda. Izlanish va astoydil intilish orqali davr bilan hamnafas ish yuritib, yerdan oqilona foydalanib kelayotgan Nusrat fermerning rejalari ulkan.
Nusrat Sayidovning dala maydonida o‘tkazilgan seminarda hududda ish olib borayotgan yer egalari va sohaga daxldor mutaxassislar ishtirok etib, o‘zlari uchun yetarli xulosalarga ega bo‘ldi deyish mumkin.
– Mazkur fermer xo‘jaligi ish usullarini mamlakatimiz bo‘yicha keng tatbiq etsak, arziydi. Kengash tomonidan hududlarda ishchi guruh tashkil etib, tokzorlar qator oralariga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ekish bo‘yicha o‘rganishlarni olib boryapmiz. Viloyatning Vobkent, Peshku tumanlarida bo‘lganimizda yerdan samarali foydalanganligini guvohi bo‘ldik. Peshku tumanida dasturlarning amalda ijrosini ham ko‘rdik. Bog‘larning qator orasida poliz ekinlari parvarish qilinayotganini ko‘rdik. Bu tajribalarni o‘rganib boshqa hududlarga ham tatbiq etsa o‘zini oqlaydi, – deydi respublika Fermerlar kengashi bo‘limi boshlig‘i Sobitjon Ro‘ziboyev.
– Har yili bog‘lar orasiga oshqovoq, tarvuz, qovun ekamiz, – deydi fermer Nusrat Sayidov. – Tajribalarimizni umumlashtirgan holda bu yil to‘liq qovoq ekishga kelishdik. Ularni parvarishlash jarayonida mineral va mahalliy o‘g‘itlardan foydalanamiz. Bu o‘z navbatida bog‘dagi mevali nihollarga ham ozuqa bo‘ladi. Bir joydan bir vaqtning o‘zida ikki bor hosil olishga erishamiz. Daromad ham shunga yarasha bo‘ladi.
Peshku tumanida issiqxona xo‘jaliklari ham ancha rivojlangan. “Avez bobo zamini” fermer xo‘jaligida olib borilayotgan xayrli ishlar buning dalilidir. Hozirgi kunda “Orzu” navli bodringdan yuqori daromad olinayotganligini aytish mumkin. Albatta, imkoniyat osmondan tushmaydi. Fermerning ikkinchi issiqxonasida yetishtirayotgan pomidor mahsuloti ham bugun-erta bozor peshtaxtalaridan joy oladi. Bularning barchasini zamirida, mashaqqatli mehnat yotgani ham bor gap.
– Xo‘jaligimizda 20 gektar g‘alla, 28 gektar paxta maydoni mavjud, –deydi fermer Mehriddin Avezov. – Qo‘shimcha issiqxona ham tashkil qilganmiz. Issiqxonamizdan yiliga 300-400 million daromad olamiz. Xalqimiz dasturxoniga pomidor, bodring mahsulotlarini yetkazib berish bilan birga yangi ish o‘rni yaratishni maqsad qilganmiz.
[gallery-23103]
Kogon tumanidagi Tutkunda mahallasiga qarashli Kaptarxona qishlog‘ida yashovchi Rahim Choriyev bog‘dorchilik va sabzavotchilikda katta tajriba to‘plagan. Uning bog‘ida mevaning deyarli barcha turlari mavjud. Bundan tashqari bog‘ qator oralaridan har yili 30-35 million so‘m daromad qilishga erishmoqda. Hozirda bu yerda kartoshka ekinidan yuqori hosil olish uchun mehnat qilinmoqda. Shuningdek, qulupnay, sarimsoqpiyoz va turli ko‘katlar ham parvarish qilinmoqda.
O‘rganishlar borasida bog‘bonning tajribasi va erishayotgan ulkan yutuqlari haqida atroflicha so‘z yuritildi. Bog‘ va uning qator orasidan olinayotgan daromad tahlil qilindi. Shuningdek, respublika Fermerlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi Buxoro hududiy vakilligi tomonidan yer egalariga ko‘rsatilayotgan qulaylik va imtiyozlar haqida ma’lumotlar berildi.
Romitan tumanda bog‘ va tokzorlar 1939 gektardan iborat bo‘lib, har yili yuqori hosil olinmoqda. Tizim taraqqiyoti yo‘lida ish olib borayotgan fermerlar soni esa 135 tani tashkil etadi. Respublika Fermerlar kengashi tomonidan tuzilgan ishchi guruh tumanda bo‘lib, bog‘ va tokzorlar qator orasidan foydalanish holati o‘rganildi.
Tumandagi “Erkin Azamat bog‘lari” fermer xo‘jaligi misolida o‘rganishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, mas’uliyatni chuqur his etgan, qolaversa, daromadga erishishni maqsad qilgan yer egalari bog‘ qator oralariga oziq-ovqat ekinlarini ekish ishlarini jadallik bilan olib bormoqda. Shu kuni ishchi guruh fermerlar va sohaga daxldor korxona vakillariga zarur tavsiya va aniq ko‘rsatmalar berib, bugungi imkoniyatlardan to‘liq foydalanish muhimligini ta’kidladi.
– Fermer barcha tarmoqlarni shakllantirsa barakaga erishadi. Ko‘p tarmoqli fermerning tashvishi ham ko‘p bo‘ladi, – deydi Romitanning Chilong‘u hududidagi Qoraxoni qishlog‘ida ish yuritayotgan fermer Safo Hakimov.
U farzandi Azamat Hakimov bilan fermerchilikni tashkil etgandan keyin o‘tgan 25 yil davomida chorvachilik sohasida yuzdan ortiq naslli qoramollar parvarishini yo‘lga qo‘ydi. Bundan tashqari asalarichilikka ham qo‘l urdi. Bu borada ham izlanishlari besamar ketmadi. U shifobaxsh asal yetishtirib, bozorlar arzonligiga hissa qo‘shmoqda. Shuningdek, parrandachilikni ham rivojlantirmoqda. Asosiy tarmoqlar sanalgan, g‘allachilik va paxtachilik sohalarida ham qo‘yayotgan qadamlari o‘rnak bo‘larlik.
Agrar tizimda ishonch bilan qo‘yilgan qadam, albatta, qutlug‘ bo‘ladi. Bunga misollar ko‘p. Masalan, Buxoro tumanidagi Shergiron hududida ish olib borayotgan fermer Rustam Tohirov servitamin, har tomonlama shifobaxsh bo‘lgan brakolli karamdan 200 million so‘mdan ortiq daromad qilishga erishdi. Ayni kunda esa fermer poliz ekinlaridan ham mo‘l va sifatli hosil olishni reja qilgan.
To‘kinlikka munosib hissa qo‘shish maqsadida ichki imkoniyatlardan samarali foydalanayotgan bunday fermerlar tumanda ko‘pchilikni tashkil etadi. Tuman fermerlar kengashi tomonidan ayni paytda ishchi guruh tashkil etilib, yer egalarining yutuq va muammolarini o‘rganish ishlari joylarda davom etmoqda. Maqsad yerga munosabatni tubdan yaxshilab, el dasturxonini to‘kin qilishga erishishdir.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.