Boyovutda ikkita MFY yangi binoda ish boshladi
Bozor mexanizmlarining rivojlanib borishi natijasida davlat va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar o‘rtasida yangi iqtisodiy munosabatlar shakllanib borishi tabiiy hol. Bu kabi iqtisodiy munosabatlarning rivojlangan mamlakatlar amaliyotidagi bir ko‘rinishi bu davlat va xususiy tarmoqlari o‘rtasidagi sherikchilik munosabatidir.
Mamlakatimizda ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish, ayniqsa sog‘liqni saqlash, maktabgacha va umumiy o‘rta, professional va oliy ta’lim sohalariga davlat-xususiy sherikchilik munosabatlari joriy etilmoqda.

Boyovut tumanida esa bu fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash ishlarida namoyon bo‘lmoqda.

Tuman hokimining qarori bilan tashabbuskor tadbirkorga davlat-xususiy sherikchilik asosida «Qarapchi» va «Yangi avlod» mahallalari uchun idora binosi, mehnat guzari tashkil qilish sharti bilan yer maydoni ajratilgan edi. Qisqa muddatda qurib bitkazilgan 2 qavatli binoda mahallalar uchun alohida xonalar ajratilgan.“Qarapchi” mahalla fuqarolar yig‘inini bo‘lish yo‘li bilan yangidan mahalla fuqarolar yig‘ini tashkil etish masalasi 2020 yil dekabr oyida xalq deputatlari tuman Kengashi tomonidan ko‘rib chiqilgan bo‘lib, tegishli qaror asosida «Yangi avlod» mahalla fuqarolar yig‘ini tashkil etilgan.
Mazkur binolarning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumot uchun, qaror bilan belgilangan majburiyatga ko‘ra, MFY uchun ajratilgan xonalar mahallalar balansiga beg‘araz o‘tkazib beriladi.
Sh.Suyarov, F.Toshmatov (surat), O‘zA