Boshqaruv samaradorligi agentligi: ochiqlik va shaffoflik ta’minlanmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi Andijon viloyati filiali tomonidan joriy yilning to‘qqiz oyi davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Boshqaruv samaradorligi agentligi Axborot xizmati rahbari Sevara Zokirova, viloyat filiali mutasaddi va mutaxassislari, ommaviy axborot vositalari, matbuot xizmatlari vakillari ishtirok etgan matbuot anjumanida filial tomonidan amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etdi.
- Har qanday korxona, tashkilot, tizimning qay darajada rivojlanishi, ochiqlik va shaffoflikning ta’minlanishi ko‘p jihatdan malakali va salohiyatli kadrlar, xususan, boshqaruv sohasi kadrlariga bog‘liq, - deydi filial boshlig‘i Muhitdin Qo‘ldoshev. – Shu bois, joriy yilning o‘tgan to‘qqiz oyi mobaynida filial kadrlar salohiyatini oshirishga qaratilgan ustuvor va boshqa barcha yo‘nalishlar bo‘yicha samarali ishlarni amalga oshirdi. Davlat organlarida natijaga asoslangan boshqaruv tizimini joriy etish, hududlarda yangi imkoniyatlarni aniqlash va boshqaruv samaradorligini oshirish, shuningdek, davlat organlarida inson resurslarini boshqarish va ularning salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan zarur ishlar olib borildi. Jumladan, natijaga asoslangan boshqaruvni joriy etish maqsadida “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi tuman (shahar)” maqomidagi Asaka hamda Shahrixon tumanlarida hokim o‘rinbosarlari hamda hokimlik xodimlarining KPI ko‘rsatkichlari ishlab chiqildi.
[gallery-31868]
Anjumanda hududlarda “o‘sish nuqta”lari va ishga solinmagan imkoniyatlarni aniqlash hamda hududlarning kompleks rivojlantirish maqsadida Paxtaobod, Bo‘ston tumanlarining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi va mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish masalalari bo‘yicha sun’iy intellekt, raqamli texnologiya modellaridan foydalangan holda chora-tadbirlar ishlab chiqilganligi, shuningdek, viloyatdagi qolgan tuman, shaharlar tahlil qilinib, sun’iy intellekt yordamida hududlarning ishga solinmagan imkoniyatlarini amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha ishlar olib borilayotganligi ta’kidlandi.
Ayniqsa, davlat xizmatlariga munosib kadrlarni jalb etish, istiqbolli rahbar kadrlar zaxirasini shakllantirish hamda davlat xizmatchilarining o‘sishiga ko‘maklashish, davlat xizmatida zamonaviy «HR» tizimini joriy etish va davlat organlarining kadrlar siyosatini muvofiqlashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratilganligi qayd etildi.
O‘tgan davr mobaynida viloyatdagi davlat organlari va tashkilotlar, tuman, shahar hokimliklarining 1 ming 96 ta vakant lavozimiga tanlov e’lon qilinib, ularda 41 mingga yaqin nomzod ishtirok etgan. O‘tkazilgan tanlovlarda 948 nafar g‘olib aniqlanib, vakant lavozimlar salohiyatli kadrlar bilan to‘ldirildi.
Bundan tashqari, davlat fuqarolik xizmatchilarining kasbiy bilim, malaka va tajribasini oshirish maqsadida hududlarda faoliyat olib borayotgan 88 nafar o‘rta va quyi bo‘g‘in rahbarlari, 108 nafar kadrlar bilan ishlovchi bo‘linmalar rahbar va mutaxassislari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi hududiy bo‘limida malaka oshirdi.
Kadrlar zaxirasini shakllantirish maqsadida “Milliy kadrlar zaxirasi”ga 110 nafar nomzod tanlab olindi. Hududiy boshqarmalar, tuman, shahar hokimliklarida faoliyat yuritayotgan, shuningdek, tuman, shahar tashkilotlari rahbarlarining “Istiqbolli kadrlar zaxirasi” shakllantirildi.
Mahalla tizimida faoliyat olib borayotgan intellektual salohiyati, faoliyat ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan mahalla raislari, hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari, xotin-qizlar faollari va ijtimoiy xodimlardan “Salohiyatli kadrlar zaxirasi”ga nomzodlar saralab olindi.
Anjumanda davlat fuqarolik xizmatiga salohiyatli yosh kadrlarni saralab olish, davlat fuqarolik xizmatchilarining ijtimoiy muhofazasini ta’minlash, targ‘ibot tadbirlarini tashkil etish, korrupsiya holatlarning oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar haqida ham ma’lumotlar berildi.
Matbuot anjumani doirasida Boshqaruv samaradorligi agentligi Andijon viloyati filiali boshlig‘i o‘rinbosari Hayotbek Akbarovning “Ortga qaytmas islohotlar” mavzusida agentlik tomonidan tizimni takomillashtirish natijasidagi o‘zgarishlarga bag‘ishlangan taqdimoti bilan tanishildi.
Anjumanda OAV va axborot xizmatlari vakillari Boshqaruv samaradorligi agentligi Andijon viloyati filiali faoliyati bilan bog‘liq o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar oldi.
Yakunda filial hamda ommaviy axborot vositalari, axborot xizmatlari hamkorligini yanada mustahkamlash yuzasidan taklif va mulohazalar bildirildi.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (foto),
O‘zA muxbirlari.