Bosh vazir o‘rinbosari Surxondaryoda
FOTOREPORTAJ
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Zulayho Mahkamova Surxondaryo viloyatining shahar va tumanlariga tashrif buyurdi.
Zulayho Mahkamova va viloyat mutasaddilari Termiz shahridagi 26-maktabda bo‘ldi. Jarayonda ta’lim maskanida oila, maktab va mahalla bilan hamkorlikda olib borilayotgan ishlar hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining topshirig‘iga asosan tashkil etilgan Ma’naviyat sektori burchagi bilan tanishildi. Zulayho Mahkamova o‘quvchilar bilan suhbat qurdi, ularning muammo va takliflarini tingladi. Maktabda kasb-hunarga o‘qitish masalalari bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi, o‘z tavsiyalarini berib o‘tdi.
Bosh vazir o‘rinbosari Zulayho Mahkamova Termiz shahridagi 2-oilaviy poliklinikaga ham tashrif buyurib, xotin-qizlar salomatligi uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
[gallery-17355]
Poliklinika Bo‘ston mahallasida joylashgan bo‘lib, unda shahardagi 9 ta mahallaning fuqarolariga xizmat ko‘rsatiladi.
Ta’kidlash kerak, ushbu muassasada "Sog‘lom ona - sog‘lom bola" tamoyili asosida tug‘ish yoshidagi ayollar o‘rtasida farzandlar orasidagi intervalni saqlash, emizikli onalar uchun farzandlarini ko‘krak suti bilan oziqlantirish, sog‘lom turmush tarziga rioya qilish, kontratseptiv vositalardan foydalanish borasida malakali shifokorlar tomonidan targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish holati namunali yo‘lga qo‘yilgan.
Vazir o‘rinbosari shuningdek, viloyatning Angor va Jarqo‘rg‘on tumanlarida ham bo‘lib, u yerda olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA